1 oktabrdan Toshkent shahri va tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi
Mazut va nostandart yoqilgʻidan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi yuqori boʻlib, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

2026 yil 1 oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi. Bu haqda Prezidentga taqdimot qilindi.
Koʻchirilayotgan xoʻjaliklarga infratuzilma, kredit va logistika boʻyicha imtiyozlar ham beriladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xoʻjaliklari juda koʻp, ular orasida isitish manbalari sifatida koʻmir, mazut va nostandart yoqilgʻidan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Qolaversa, Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past boʻlgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda oʻrtacha harorat Selsiy boʻyicha 6 daraja issiq boʻlsa, Termizda – 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 million soʻmni, Surxondaryoda esa 4,9 million soʻmni tashkil etadi.
Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori boʻlgan hududlarda yetishtirish issiqxona xoʻjaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtai nazaridan ham manfaatli hisoblanadi.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay boʻlgan hududlarga bosqichma-bosqich koʻchirish taklifi bildirildi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past boʻlib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
