Toshkent zilzilasida koʻrilgan zarar 10 mlrd AQSh dollari miqdorida boʻlgan
2020-2025 yillarda yigʻilgan sugʻurta mukofotlari va toʻlangan tovonlar dinamikasi, ularning munosabati tahlil qilinadi. Tabiiy ofatlar hajmini kamaytirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi ijrosini tanqidiy koʻrib chiqish tavsiya etiladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar moliyaviy sektorning barcha tarmoqlari qatorida sugʻurta bozorining ham jadal rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, 2020-2025 yillar davomida sugʻurta xizmatlariga boʻlgan talabning ortishi, yangi sugʻurta mahsulotlarining joriy etilishi hamda raqamlashtirish jarayonlarining kengayishi ushbu sohaning sifat jihatidan bir pogʻona yuqori bosqichga chiqishiga olib keldi.
Iqlim oʻzgarishi, tabiiy va texnogen falokatlar sonining ortib borishi aholi va biznes subʼektlarini moliyaviy himoya qilish mexanizmlariga, xususan, sugʻurta xizmatlariga boʻlgan talabning ortishiga olib kelmoqda. Dunyo miqyosida iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq va texnogen falokatlarning soni, koʻlami va oqibatlari ortib, Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston aholisi bulardan eng koʻp zarar koʻrmoqda. Jumladan, mamlakatimiz soʻnggi 20 yil ichida birgina kuchli gidrologik qurgʻoqchilik bilan bogʻliq bir qancha holatlarga duch keldi va eng koʻp zararlangan hududlarda ekinlar hosilining 45 foizdan 75 foizgacha qismi yoʻqotildi. Bu haqda qator bosma va internet nashrlardan tortib xorijiy ekspertlarning tadqiqotlarida yetarli maʼlumot olishimiz mumkin.
Birgina misol, 2026 yilning 26 aprel kuni Toshkent zilzilasi sodir boʻlganiga 60 yil boʻladi. Ushbu zilzila oqibatida Toshkentning markaziy qismidagi 2 million kvadrat metrdan ziyod turar joy maydoni, 236 ta maʼmuriy, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish, 181 ta taʼlim muassasasi, 185 ta tibbiyot, 245 ta sanoat binosi butunlay vayron boʻlib, koʻrilgan iqtisodiy yoʻqotish oʻsha davr kursi boʻyicha 10 mlrd AQSh dollari miqdorida ekani hamda dunyo miqiyosida zilzilalar yuz berishini onlayn kuzatish imkoniyatlari shaxs, jamiyat va davlatning aholi, uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni bozor mexanizmlariga asosan qoplash tizimini shakllantirishga befarq qaramaslikka undaydi. Makrodarajada sugʻurta mukofotlari hajmining oʻsishi bilan birga, sugʻurta tovonlari toʻlovi mutlaq koʻrsatkichlari ortishiga undovchi institutsional tuzilmaning mavjudligi – sugʻurtalanuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilinganini koʻrsatish bilan birga, aholining ushbu institutga ishonchini orttirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sugʻurta bozori qonunchiligini rivojlantirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarining takomillashuvi va aholi oʻrtasida, ayniqsa, OAV orqali targʻibot-tashviqot tadbirlarini tizimli olib borish aholining sugʻurta madaniyatining bosqichma-bosqich oshishiga, sohaning barqaror rivojlanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Ayni paytda, sugʻurta mukofoti va sugʻurta tovoni miqdorlari oʻrtasidagi mutanosiblik, sugʻurta tovoni salmogʻining ortib (kamayib) borish dinamikasi sugʻurta bozori samaradorligini mijoz-sugʻurtalanuvchi tomonidan baholash dolzarb hisoblanadi.

2020-2025 yillarda Oʻzbekiston sugʻurta bozorida yigʻilgan sugʻurta mukofotlari va toʻlangan sugʻurta tovonlari dinamikasi izchil oʻsish tendensiyasini namoyon etdi. Ushbu davrda bozor hajmining kengayishi, yangi ishtirokchilarning kirib kelishi va sugʻurta xizmatlariga boʻlgan talabning ortishi asosiy omillardan boʻldi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2020 yildan boshlab sugʻurta mukofotlari hajmi yildan yilga oʻsib borgan. Agar 2020 yilda bozor hajmi nisbatan past boʻlgan esa, 2023-2024 yillarga kelib u bir necha barobarga oshgan. 2024 yilda sugʻurta mukofotlari hajmi qariyb 9-10 trln soʻmga yetgani bozorda yuqori oʻsish surʼatlari saqlanib qolayotganini koʻrsatadi. Bunga majburiy sugʻurta turlarining kengayishi, korporativ mijozlar ulushining ortishi, raqamli sugʻurta xizmatlarining joriy etilishi sabab boʻldi.
“Eng yaxshi tashviqot-sugʻurta tovoni toʻlanishi” aqidasi nuqtai nazaridan yondashganimizda 2022 yilgacha boʻlgan davrda yalpi sugʻurta mukofotlari ulushida toʻlangan yalpi sugʻurta tovonlari miqdori salmoqli boʻlgani va oʻsish tendensiyasiga egaligini quyidagi rasmda koʻrish mumkin. Biroq 2022 yildan shu kunga qadar esa sugʻurta tovonlarini toʻlash koeffitsenti pastlab borayotganini kuzatish mumkin. OAV va onlayn platformalarda fuqarolar tomonidan ushbu yoʻnalishda qilingan murojaatlar ham buni yaqqol tasdiqlaydi.

Aholi murojaatlari va rasmda qayd etilgan tendensiyaning mavjudligi:
- sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda uni qayd etish, raqamlashtirish va sugʻurta tovoni toʻlash muddatlarini maksimal darajada qisqartirishning institutsional mexanizmlarining maromiga yetkazilishi;
- aholi va ularning mol-mulkini sugʻurta qilishni targʻib qilishga tijorat reklamasi sifatida yondashish amaliyoti va qonunchiligining qayta koʻrib chiqilishi;
- aholining sugʻurta madaniyatini oshirish ishlarini fundamental qayta koʻrib chiqish, OAV, televideniye va radioda namoyish etiladigan koʻrsatuv va eshttirishlar, kinofilm, multiplikatsionfilm, hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv, voqeali kinofilmlar va kinojurnallarning adabiy ssenariylariga turli xatar va qaltisliklardan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarning bozor mexanizmlarini targʻib etuvchi sodda va xalqchil lavhalar kiritilishini taʼminlash, bunda xorijiy tajriba va amaliyotdan keng foydalanilishi;
- sugʻurta shartnoma shartlarini soddalashtirish, shaffof toʻlov mexanizmlarini yaratish va sugʻurta kompaniyalarining javobgarligi oshirilishi;
- sugʻurtaning ijtimoyi-iqtisodiy ahamiyatini barcha fuqarolar, ayniqsa, ziyolilar va barcha boʻgʻin rahbarlariga tushuntirish uchun seminarlar, vebinarlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maqsadli post va boshqa axborot-targʻibot materiallari yaratilishi;
- taʼlim dasturlariga moliyaviy savodxonlik mavzularining kiritilishi kabi shu va boshqa muammo – masalalar kompleks tarzda oʻz yechimi topilishi zarurligini belgilab beradi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, aholi va uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan himoya qilishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, “2015-2030 yillarda ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Senday hadli dasturi” maqsadlariga Oʻzbekistonda erishish strategiyasini 2019-2030 yillar davrida amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi ijrosini tanqidiy koʻrib chiqish tavsiya etiladi.
Ayni paytda aholi uy-joylarini majburiy yoki yarim majburiy sugʻurta qilish mexanizmining joriy etilishi ortib borayotgan xatar va qaltisliklardan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlardan aholi va uning mol-mulki ishonchli himoya qilinishini kuchaytirib, davlat byudjetiga tushadigan favqulodda xarajatlarni qisqartirishga, pirovardida aholi farovonligining oshishiga olib keladi.
Tadqiqot natijalari barcha sohalarga sunʼiy intellekt shiddat bilan kirib borayotgan, davlat byudjeti cheklangani, aholi va uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash kabi boshqa (masalan, byudjet tanqisligi va h.k) qator masalalarga bozor yechimi boʻlmish – Oʻzbekiston sugʻurta bozorining barqaror oʻsishi, moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishining institutsional-tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarining maromiga yetkazilishi zarurligini koʻrsatadi.
Samidillo Mahmudov,
mustaqil tadqiqotchi
