platina.uz
Maqola

Aleksandr Duginning psevdoilmiy qarashlarida Markaziy Osiyoning roli

Rossiya oʻzini ihotalangan qalʼa sifatida koʻrmoqchimi yoki muloqot makoni sifatidami? Bu diyor istiqboli hozir shu savolga bogʻliq boʻlib turibdi.

Aleksandr Duginning psevdoilmiy qarashlarida Markaziy Osiyoning roli
Fotokollaj: Platina.uz

Rus politologi Aleksandr Duginning Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari haqidagi fikrlari katta mojaro va bahslarga sabab boʻldi. Taʼkidlash kerak, Duginning bu munosabati kecha shakllangani yoʻq. Uning asarlarida geosiyosat oddiy chegaralar va resurslar haqidagi fan boʻlib qolmaydi. U taqdir falsafasiga aylanadi: bu yerda makon tarixni belgilaydi, sivilizatsiyalar esa nafaqat hududlar, balki mavjudlik maʼnosi uchun kurashadi. Uning mashhur “Geopolitika asoslari” asari tahliliy ishdan koʻra koʻproq manifest boʻlib, unda Rossiya alohida sivilizatsiya sifatida tasvirlanadi.

Eng qiziq jihati, Dugin asarlarida Rossiya tirik organizm – tana sifatida tushuntiriladi. Markaziy Osiyo esa Rossiyaning nozik joyi, Axilles tovoni sifatida ifodalanadi. Duginning fikricha, Rossiya imperiyasi Gʻarbdan – Yevropadan kelgan dushmanga bardosh bergan va yenggan (Napoleon, Hitler va boshqalar). Lekin Sharqdan – Markaziy Osiyo tarafdan kelgan xavf Rossiyani magʻlub qila olgan (moʻgʻullar, turkiylar va boshqalar). Shu bois Rossiya bu hudud ustidan doimiy nazorat oʻrnatishi shart va bu uning uchun hayot-mamot masalasi boʻlishi lozim.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, “janubiy zaiflik” yoki “Rossiyaning qorni” gʻoyasi faqat strategik emas, balki deyarli metafizik maʼno kasb etadi.

Rossiya – quruqlik sivilizatsiyasi

Duginning asosiy gʻoyasi klassik geosiyosiy dualizmga – “quruqlik” va “dengiz” ziddiyatiga tayanadi. Duginga koʻra, “quruqlik” – barqarorlik, anʼana, iyerarxiyani anglatadi. “Dengiz” – harakatchanlik, liberalizm, beqarorlikni.

Duginning fikricha, Rossiya – quruqlik sivilizatsiyasining markazi, Yevroosiyoning yuragidir. Ammo agar Gʻarb tashqi ideologik raqib boʻlsa, geografiya ancha murakkab tahdid manzarasini yaratadi.

Dugin oʻz konsepsiyasini tarixiy misollar bilan asoslaydi. Masalan, Gʻarbdan kelgan hujumlar (Napoleon, Hitler) doim qaytarilgan. Sharqdan kelgan tahdidlar esa davlatni parokanda qilgan, ammo batamom yoʻq eta olmagan. Duginning fikricha, bu vaziyat Rossiyaning oʻziga xos zaifligini koʻrsatadi: mamlakat hujumni yengishi mumkin, lekin janubiy yoʻnalish uning ichki tuzilishini oʻzgartirishi mumkin.

“Rossiya qorni”: geografiya – zaiflik manbaimi?

Dugin “qorin” deganda aniq chegarani emas, balki butun bir hududni – Markaziy Osiyodan Yevroosiyo ichiga kirib keluvchi dashtlar kamarini nazarda tutadi.

Nega aynan shu yoʻnalish? Buning bir qancha izohlari mavjud.

  1. Tabiiy toʻsiqlar yoʻqligi: Gʻarbda daryolar va oʻrmonlar boʻlsa, janub – ochiq dasht.
  2. Tarixiy ochiqlik: koʻchmanchi imperiyalar aynan shu yerdan kelgan.
  3. Sivilizatsion farq: Janub boshqa madaniy va diniy dunyo bilan bogʻlanadi.

Natijada janubiy yoʻnalish geografik emas, balki ramziy maʼno kasb etadi – bu oʻziga xos “noaniqlik hududi”dir.

Markaziy Osiyo: tahdidmi yoki tayanch?

Dugin tasavvurida dasht – tartibsizlik makoni. Koʻchmanchilar doim harakatda, chegaralarga bogʻliq emas, ularning keyingi harakatlarini oldindan aytib boʻlmaydi

Bu obraz arxetipga aylanadi. Tahdid harbiy emas, balki ekzistensial tus oladi. Janub – bu boshqa dunyo mantigʻiga xos tushunchadir.

Qizigʻi shundaki, Aleksandr Dugin Markaziy Osiyoni mutlaq dushman sifatida koʻrmaydi.

Uning nazariyasida ikki yoʻl bor. Bufer hudud – agar integratsiya boʻlsa. Beqarorlik manbai – agar taʼsir kamaysa! Demak, bu yerdagi “qoʻrquv” davlatlardan emas, balki makon ustidan nazoratni yoʻqotishdan kelib chiqadi.

Zamonaviy davr: tahdidning oʻzgarishi

XXI asrda janubiy yoʻnalish yangi mazmunga ega. Bu Xitoy taʼsirining oʻsishi, islom dini omili, energetik transfer yoʻllari va demografik oʻzgarishlar bilan bogʻliq.

Bu holat Dugin uchun bir xil xulosaga olib keladi: janub – hali ham hal qiluvchi makon.

Dugin nazariyasida eng muhim jihat – tahdidning muqarrarligidir. Zero, Rossiya yopiq boʻla olmaydi, izolyatsiyada yashay olmaydi va periferiyani (atrofdagi subʼektlarni) inkor eta olmaydi. Rossiyaning kuchi – kengayishda, ammo aynan shu narsa uni zaiflashtirishi ham mumkin.

Demak, paradoks yuzaga keladi: makon qancha katta boʻlsa, chegaralar shuncha uzun boʻladi, chegaralar qancha uzun boʻlsa, Rossiyaning nozik va himoyasiz tarafi – “qorin” ham shuncha katta boʻladi.

Tanqid: fan va mif chegarasi

Mazkur nazariya jiddiy savollarni ham tugʻdiradi. Bu avvalo geografik determinizm bilan bogʻliq. Bu nazariyada iqtisodiyot, texnologiya va siyosatning roli kamaytirib koʻrsatiladi.

Shuningdek, tarixiy soddalashtirish ham koʻzga tashlanadi. Moʻgʻullar bosqini bir tomonlama talqin qilinadi.

Dugin mifologiyasida “Dasht” reallikdan koʻra ramzga aylantiriladi. Qolaversa, region subʼektligini inkor qilish ham toʻgʻri emas. Markaziy Osiyoga mustaqil aktor sifatida qaralmasligi ham Duginning zamonaviy jarayonlardan va oxirgi oʻzgarishlardan xabarsiz qolayotganidan darak beradi.

Qoʻrquv – fikrlash shakli sifatida

Aleksandr Duginning “janubiy qorin” haqidagi qarashlari geosiyosiy tahlildan koʻra kengroq maʼnoga ega. Janub – bu yerda ochiqlik, noaniqlik va xavf ramzidir.

Lekin bu zaiflik haqiqiymi yoxud tarixiy xotira va falsafiy qoʻrquv mahsulimi, noaniq qoladi. Ehtimol, javob xaritalarda emas, balki Rossiya oʻzini qanday koʻrishidadir. Rossiya oʻzini ihotalangan qalʼa sifatida koʻrmoqchimi yoki muloqot makoni sifatidami? Bu diyor istiqboli hozir shu savolga bogʻliq boʻlib turibdi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid