Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bilan tabrikladi
Barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga Yangi Oʻzbekiston nafasini olib kirish boʻyicha katta harakat boshlangani taʼkidlandi.

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosim boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev butun xalqimizni tabrikladi.
“Butun dunyo nurga, goʻzallikka toʻlgan shu dilbar faslda jonajon diyorimizga sharqona yangi yil – Navroʻzi olam kirib kelmoqda. Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navroʻz bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz.
Tabiatning uygʻonishi va ruhiy poklanish ramzi boʻlgan mana shunday qutlugʻ ayyomlar bilan sizlarni, koʻp millatli butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida ishlayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizni ham muborakbod etib, ularga ezgu salom va tilaklarimizni izhor etaman. Bayram barchamizga muborak boʻlsin! Navroʻzi olam diyorimizga tinchlik va baxt olib kelsin!”, – dedi davlatimiz rahbari.
Barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga Yangi Oʻzbekiston nafasini olib kirish boʻyicha katta harakat boshlangani taʼkidlandi.
Yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham ulkan qadamlar qoʻyilmoqda. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obʼektlari barpo etilmoqda.
Kelgusida bunday qurilishlar koʻlami yanada kengaytirilishi taʼkidlandi.
“Ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga barchamiz yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.
Siz, azizlarning elimiz dasturxonini yanada toʻkin va farovon qilishdek ezgu ishlaringizda zafar va omadlar tilaymiz. Chunki sizlarning olijanob mehnatingiz bilan xalqimizning rizq-u nasibasi butun boʻladi. Bu borada davlatimiz, jamiyatimiz sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi”, – dedi Prezidentimiz.
