platina.uz
Jamiyat

Prezident Milliy madaniy markazlar paviloniga bordi

Bu yerda qozoq, qirgʻiz, turkman va boshqird oʻtovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uygʻur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat doʻstlik uylari joylashgan. 

Prezident Milliy madaniy markazlar paviloniga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Milliy madaniy markazlar paviloniga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashab kelmoqda, 157 ta milliy-madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Bu xilma-xillik koʻp asrlik tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan noyob ijtimoiy hodisa sanaladi.

Yurtimizda milliy madaniyatlarni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash va mustahkamlash, shu orqali yosh avlodni bagʻrikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Doʻstlik bogʻi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi binosiga tutash maydonda barpo etilgan, yigirma ikki millatning oʻziga xos arxitekturasi aks etgan pavilon ham ushbu eʼtiborning yorqin tasdigʻidir.

Bu yerda qozoq, qirgʻiz, turkman va boshqird oʻtovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uygʻur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat doʻstlik uylari joylashgan.

Intererlar oʻsha xalqning milliy anʼanalariga mos holda bezatilgan. Ekspozitsiyalarda esa milliy liboslar, cholgʻu asboblari, dekorativ-amaliy sanʼat namunasi, tarixiy maketlar va madaniy merosni aks ettiruvchi koʻplab eksponatlar oʻrin olgan.

Bugun pavilonda Navroʻz shukuhi hukm surmoqda, zero, Navroʻz oʻzi bilan birdamlik, yangilanish va yaxshilikka daʼvat kabi ezgu gʻoyalarni olib keluvchi bayramdir.

Davlatimiz rahbari har bir milliy maskan faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi.

Uchrashuvlar chogʻida milliy-madaniy markazlarning umumxalq bayramlarini yuksak ruhda oʻtkazishdagi hissasi alohida eʼtirof etildi. Yuksak vatanparvarligi, fidoyi mehnati bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qoʻshayotgan hissasi uchun turli millatga mansub yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi.

Prezidentimiz pavilon mehmonlari uchun uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi. Milliy madaniy markazlar vakillari bilan birgalikda suratga tushdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid