Kinotavsiya: “Oq pufak”dan oʻz yurtidan qochgan “Begonalar”gacha
Platina.uz qoʻshaloq bayram munosabati bilan eng sara filmlar toʻplamini tavsiya qiladi.

Ramazon hayiti va Navroʻz bayramlari shukuhi kezib yurgan paytda Platina.uz sizlar uchun navbatdagi kinolar toʻplamini tayyorladi.
5. Tangalik bolalar, 1990
1990 yilda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan mashhur badiiy film. Bu kino oʻzbek bolalar kinosining eng sara namunalaridan biri hisoblanadi. Rejissyor Temurmalik Yunusov, ssenariy muallifi Rixsivoy Muhammadjonov.
Syujet
Film Tanga qishlogʻida yashovchi uchta doʻst – Zokir, Nortoy va Dostonning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Ular oʻz tashvishlari bilan qishloqdan katta shaharga kelishadi. Filmda bolalarning shahardagi qiziqarli, baʼzan dramali va ibratli sarguzashtlari koʻrsatilgan.
“Tangalik bolalar” oʻz davrining hayotiy muammolarini, qishloq va shahar hayoti oʻrtasidagi farqni, bolalarning sofdilligi va orzularini ochib bergani uchun tomoshabinlar mehrini qozongan.
Bosh rollarni Doston Ubaydullayev, Muhammadjon Rahimov, Ibrohim Saidahmedov, Shahnoza Foziljonova, Murod Rajabov, Oybarchin Bakirova, Shirin Azizova, Behzod Muhammadkarimov ijro etgan.
4. Oq pufak, The White Balloon, 1995 (Eron)
mazkur film Eron kinosining eng mashhur va xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan asarlaridan biridir. Rejissyor Jaʼfar Panohiy (uning debyut badiiy filmi), ssenariy muallifi Abbos Kiarostami (mashhur eronlik rejissyor).
Syujet
Film voqealari Tehronda, Navroʻz arafasida boʻlib oʻtadi. 7 yoshli Roziya ismli qizcha Navroʻz bayrami uchun doʻkonda koʻrib qolgan chiroyli oltin baliqni sotib olishni juda xohlaydi. U onasini koʻndirib, oilaning oxirgi 500 tuman pulini oladi va baliq sotib olish uchun yoʻlga chiqadi. Yoʻlda u pulini yoʻqotib qoʻyadi. Filmning asosiy qismi qizchaning akasi Ali bilan birgalikda pulni qaytarib olishga boʻlgan urinishlari va bu jarayonda turli insonlar (ilon oʻynatuvchilar, tikuvchi, afgʻon havo sharlari sotuvchisi va boshqalar) bilan uchrashuvlariga bagʻishlangan.
Film Kann kinofestivali eng yaxshi debyut uchun “Oltin kamera” (Camera d'Or) mukofotini olgan. The Guardian nashri uni “barcha davrlarning eng yaxshi 50 ta oilaviy filmi” roʻyxatiga kiritgan.
Filmning yakuniy sahnasidagi oq pufak koʻtargan afgʻon bolakay obrazi ramziy maʼnoga ega boʻlib, tomoshabinni mehr-oqibat va insoniylik haqida mushohada yuritishga chorlaydi.
3. Munnaboy-2 (Lage Raho Munna Bhai, Hindiston), 2006
2006 yilda Rajkumar Hirani tomonidan suratga olingan mashhur komedik drama. Bosh rollarda Sanjay Datt (Munnaboy), Arshad Varsi (Sarket), Vidya Balan (Janvi) va Boman Irani (Lakki).
Film 4 ta Milliy kino mukofotini qoʻlga kiritgan. Garchi birinchi qismdagi aktyorlar (Sanjay Datt va Arshad Varsi) oʻz rollarini saqlab qolishgan boʻlsa-da, voqealar birinchi qism bilan bevosita bogʻliq emas. Film Hindistonda Gandi falsafasiga boʻlgan qiziqishni qayta uygʻotgan.
Syujet
Filmda zoʻravon va bezori Munnaboy radioboshlovchi Janviga oshiq boʻlib qoladi. Uni oʻziga jalb qilish uchun Munna oʻzini Gandi taʼlimoti boʻyicha professor qilib koʻrsatadi.
2. Begonalar (I Was a Stranger), 2024
2024 yilda rejissyor Brandt Andersen tomonidan suratga olingan, Suriyadagi urush va qochqinlar hayotiga bagʻishlangan juda taʼsirli dramatik film. Filmda bosh rollarni Umar Si, Yasmin Al Massri, Yahya Mahayni.
Rejissyor Brandt Andersen uzoq yillar davomida qochqinlar lagerlarida koʻngilli boʻlib ishlagan va ushbu filmni real voqealar asosida yaratgan. Filmning asosiy maqsadi – qochqinlarga shunchaki “raqam” yoki “muammo” deb emas, balki har birining oʻz orzusi va oilasi bor inson sifatida qarash kerakligini koʻrsatishdir.
Tomoshabinlar va tanqidchilar filmni insoniylikni targʻib qiluvchi eng kuchli dramalardan biri deb atashmoqda.
Bundan tashqari, mazkur film ayni paytda urush domida turgan dunyo uchun tinchlik qanday totli neʼmat ekanini koʻrsatib beradi.
Syujet
Film bir-biriga bogʻliq boʻlgan beshta insonning taqdiri haqida hikoya qiladi. Voqealar Suriya, Turkiya va Gretsiya hududlarida boʻlib oʻtadi. Suriyalik pediatr ayol, Aleppodagi portlashdan soʻng qizi bilan mamlakatdan qochishga majbur boʻladi. Bu yoʻlda boshqa qochoqlar va sarguzashtlarga duch keladi.
1. Forrest Gamp, 1994
Bu film dunyo kinosining eng sara durdonalaridan biri boʻlib, rejissyor Robert Zemekis tomonidan suratga olingan. Ushbu film Uinston Grumning shu nomli romani asosida yaratilgan. Bosh roldagi Tom Xenks mazkur roli uchun “Oskar” olgan.
Film jami 6 ta “Oskar” mukofotini qoʻlga kiritgan (jumladan, “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyor” va “Eng yaxshi aktyor”). IMDb reytingida dunyodagi eng yaxshi filmlar roʻyxatida yuqori oʻrinlarda turadi.
Syujet
Film past IQ darajasiga ega boʻlgan, ammo begʻubor va mehribon qalbli Forrest Gamp ismli yigitning hayoti haqida. U AQShning 20-asr ikkinchi yarmidagi eng muhim tarixiy voqealarida (Vetnam urushi, Xippilar harakati, Uotergeyt mojarosi) beixtiyor ishtirok etadi.
Forrest oʻz hayoti davomida faqat yaxshilik qiladi va taqdir unga doim muvaffaqiyat keltiradi. U mashhur sportchi, urush qahramoni va milliarderga aylanadi, lekin uning uchun eng muhimi – bolalikdagi sevgisi Jenni va onasining oʻgitlaridir.
