Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev va Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqot oʻtkazdi
Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini tabrikladi. Tomonlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.
Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini muborak Ramazon hayiti va bahoriy Navroʻz ayyomi munosabati bilan dildan qutlab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy tabriklarini yoʻlladi.
Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda samarali muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmining barqaror oʻsishi, shu jumladan tayyor mahsulotlarni yetkazib berish orqali taʼminlanmoqda. Yaqinda ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” savdo zonasining samarali faoliyati ham oʻzaro savdoning oshishiga xizmat qilmoqda.
Yuk tashishlar hajmi, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali izchil ortib bormoqda. Energetika, sanoat, suv xoʻjaligi va transportda kooperatsiya kengayib bormoqda, Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Barqaror tinchlikka erishishning yagona yoʻli vaziyatni siyosiy-diplomatik choralar bilan hal etish ekani taʼkidlandi.
Joriy yilda koʻzda tutilgan koʻp va ikki tomonlama tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.
