OAV: Pentagon Eronga qarshi urush uchun 200 mlrd dollar soʻradi
Tegishli soʻrov AQSh Kongressiga yuborildi. Lekin tashabbus Kongress tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi soʻroq ostida qolgan.

Pentagon Eronga qarshi urushni davom ettirish uchun qoʻshimcha 200 milliard dollar soʻradi, deb xabar berdi Associated Press AQSh maʼmuriyatining yuqori lavozimli amaldoriga asoslanib.
Amaldorning soʻzlariga koʻra, departament allaqachon Oq Uyga tegishli soʻrov yuborgan.
APʼning tushuntirishicha, bu miqdor Pentagon 2025 yilda Prezident Donald Trampning katta soliq imtiyozlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasining bir qismi sifatida olgan mablagʻga qoʻshimcha hisoblanadi. Soʻrov Kongress tomonidan qoʻllab-quvvatlanadimi yoki yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.
Pentagon rahbari Pit Xegset 19 mart kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida soʻralgan miqdorni toʻgʻridan-toʻgʻri tasdiqlashdan bosh tortdi va bu oʻzgarishi mumkinligini aytdi.
"Biz tegishli mablagʻni olishimizga ishonch hosil qilish uchun yana Kongressga murojaat qilmoqdamiz", dedi u. "Yomon odamlarni yoʻq qilish uchun pul kerak."
The Washington Post gazetasi ilgari Pentagon Eron bilan urush uchun taxminan 200 milliard dollar mablagʻ soʻrayotgani haqida xabar bergan edi. Post gazetasining yozishicha, departament Oq uydan Kongressga yuborilgan tegishli soʻrovni qoʻllab-quvvatlashni soʻragan.
Gazetaning taʼkidlashicha, "bu mojaroga qarshi boʻlgan qonun chiqaruvchilarning qarshiligiga duch keladigan ulkan yangi soʻrov".
Gazeta manbalaridan birining soʻzlariga koʻra, "baʼzi Oq uy rasmiylari Pentagonning soʻrovi Kongress tomonidan maʼqullanishining real imkoniyatiga ega emasligiga ishonishadi".
