Shavkat Mirziyoyev qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga bordi
Davlat rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi oʻrin olgan.
Davlat rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.

– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻʼtabar manba boʻlgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulugʻ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz roʻyobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar boʻldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak boʻlsin, – dedi davlat rahbari.

