Psixologiya – inson haqidagi abadiy bahs
Biz oʻtmish taʼsiridamizmi yoki kelajakni quryapmizmi? Bizda instinktlar ustunmi yoki maqsadlar? Inson individual mavjudotmi yoki ijtimoiy? Bu kabi savollarga javob topishda beixtiyor Freyd va Adler maktablariga murojaat qilishga majbur boʻlamiz.

Hozir hayotda, hech boʻlmasa, kinofilmlarda odamlarning psixoanalitik yoki psixolog qabuliga qatnashishi va unga oʻz dardlarini toʻkib, maslahat soʻrashiga guvoh boʻlamiz. Ayniqsa, vaqt va mehr yetishmaydigan zamonaviy dunyoda psixologga ehtiyoji borlar biz oʻylagandan ham koʻproq.
Ruhiy salomatligidan xavotir olayotgan insonlar psixolog huzuriga faqat tasalli izlab kelmaydi. Psixolog bemordagi ruhiy buzilishlarni tahlil qiladi, muammolarni aniqlaydi, ularni va xastalikni bartaraf etish choralarini koʻradi.
Bunday davolash uslublari avvalida yoʻnalish – indvidual psixologiya va psixonaliz shaklida tarqalgan edi.
Avstriyalik mashhur psixolog va psixiatr Alfred Adler (1870-1937) indvidual psixologiya maktabining namoyandasi boʻlsa, yana bir astriyalik psixolog va psixiatr Zigmund Freyd (1856-1939) psixonaliz maktabiga asos solgan. Lekin negadir keyinchalik psixoanaliz usutvor ahamiyat kasb etib, boshqa yoʻnalishlarni siqib chiqardi.
Toʻgʻri, psixologiya tarixi koʻplab ilmiy qarama-qarshiliklarga guvoh boʻlgan. Ammo Zigmund Freyd va Alfred Adler psixologiya maktablari oʻrtasidagi ixtilof – shunchaki oddiy ilmiy bahs boʻlmagan. U – inson tabiati haqidagi ikki mutlaqo farqli qarashning toʻqnashuvi boʻlib, biologik va ijtimoiy, determinatsiya va maqsadga yoʻnalgani bilan ajralib turadi.
Nega bu bahs orqali yuz yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, hali ham dolzarbligini saqlab kelmoqda? Buni tushunish uchun har ikki maktabning ilmiy asoslariga murojaat qilish lozim.
Tarix: ittifoqdan – ajralishgacha
Alfred Adler endigina shifokorlik amaliyoti bilan shugʻullanib qolganida oʻsha paytda ziddiyatli mashgʻurlikka ega, hatto qoralanib kelayotgan Zigmund Freydning ilmiy nazariyalarini chuqurroq oʻrgana boshlaydi.
Maʼlumot uchun, Freydning inson tabiati haqidagi qarashlari oʻz davri uchun novatorlik edi. Freydning hayoti davomida uning ishlari ilmiy jamoatchilikda doimo katta rezonans va tanqidlarga sabab boʻlib keldi. Olim nazariyalariga qiziqish bugungi kungacha soʻngani yoʻq.
Freydning eng muhim yutuqlari – psixikaning uch qismdan iborat tuzilmaviy modeli(“U”, “Men” va “Super-Men”)ni ishlab chiqishi, shaxs psixoseksual rivojlanishining muayyan bosqichlarini ajratib koʻrsatishi, Edip kompleksi nazariyasini yaratishi, psixikada amal qiluvchi himoya mexanizmlarini kashf etishi, “ongsizlik” tushunchasini psixologik jihatdan asoslashi, koʻchish (transfer) hodisasini ochishi, shuningdek, erkin assotsiatsiyalar usuli va tushlarni talqin qilish kabi terapevtik metodlarni ishlab chiqishida koʻringan edi.
Shu bilan birga, Freyd gʻoyalari va shaxsiyatining psixologiyaga taʼsiri shubhasiz boʻlsa-da, koʻplab tadqiqotchilar uning ishlarini intellektual sharlatanlik deb hisoblaydi. Freyd nazariyasining deyarli har bir asosiy postulati taniqli olim va mutafakkirlar – Karl Yaspers, Erix Fromm, Albert Ellis, Karl Kraus va boshqalar tomonidan tanqid qilingan. Freyd nazariyasining empirik asoslari Frederik Kryus va Adolf Gryunbaum tomonidan “noadekvat” deb baholangan, psixoanaliz Piter Medavar tomonidan “firibgarlik” deb atalgan, Karl Popper esa Freyd nazariyasini noilmiy deb hisoblagan.
Freyd: inson – ichki ziddiyatlar maydoni
Freyd nazariyasi bir necha asosiy tushunchalarga tayanadi. Freyd psixikani “U” (Id) – ongsiz instinktlar, “Men” (Ego) – ratsional nazorat, “Super-Men” (Superego) – axloqiy meʼyorlardan tashkil topgan, deya taʼlim bergan.
Freydning asosiy gʻoyalariga koʻra, psixik jarayonlarning katta qismi – gʻayriixtiyoriy ongdan iborat. Xulq-atvor bostirilgan istaklar bilan belgilanadi. Bolalik (ayniqsa 5 yoshgacha boʻlgan davr) hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Freyd kiritgan ayrim tushunchalar zamonaviy fan tomonidan qisman tasdiqlangan. Psixologik himoya mexanizmlari hamda erta tajribaning ahamiyati shular jumlasidandir. Zamonaviy neyropsixologiya ham insonning koʻp qarorlari ongsiz darajada qabul qilinishini tasdiqlaydi, lekin Freyd taʼriflagan shaklda emas.
Adler: inson – ijtimoiy mavjudot
1901 yilda istiqbolli yosh shifokor Alfred Adler matbuotda Freydning “Tushlarni taʼbir qilish” nomli yangi kitobini faol himoya qildi. Garchi Zigmund Freyd avval Adler bilan tanish boʻlmasa-da, u Adlerning oʻz asarini shijoat bilan himoya qilganidan chuqur taʼsirlandi va unga minnatdorlik maktubi yuborib, yangi tashkil etilgan psixoanaliz muhokama guruhiga qoʻshilishni taklif qildi.
Amaliyotchi shifokor sifatida Alfred Adler 1902 yilda Freyd toʻgaragiga qoʻshildi. Biroq u hech qachon bolalikdagi jinsiylik inson psixikasi rivojida universal ahamiyatga ega, degan freydistik gʻoya tarafdori boʻlmagan.
Shu tariqa Alfred Adler XX asr boshlarida Freyd atrofida shakllangan mashhur “Vena psixoanalitik jamiyati” aʼzosi boʻldi. Biroq 1911 yilga kelib, ularning yoʻllari ayro tushdi.
Bu ajralishning sabablari shaxsiy emas, balki nazariy edi. Chunki Freyd libido va ongsiz instinktlar ustuvorligini taʼkidlar edi. Adler “jinsiy reduksionizm”ni rad etdi. U ijtimoiy omillar muhimroq deb hisobladi
Psixologiya tarixi nuqtai nazaridan, bu psixoanaliz ichidagi birinchi katta boʻlinish sifatida yangi maktablarning paydo boʻlishiga olib keldi
Freyddan farqli ravishda Adler mutlaqo boshqa yondashuvni taklif qildi.
Adler taʼlimotining asosiy tushunchalariga koʻra, notoʻliqlik hissi (inferiority) – insonga xos universal holat hisoblanadi.
Ustunlikka intilish – rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchisidir. Ijtimoiy qiziqish – ruhiy sogʻlomlik mezonini belgilaydi.
Adlerning fikricha, inson oʻtmishning quli emas, u kelajak va maqsadlarga yoʻnalgan.
Zamonaviy tadqiqotlar buni qisman tasdiqlaydi. Masalan, kompensatsiya nazariyasi psixologiyada keng qoʻllaniladi. Ijtimoiy muhit shaxs shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Eng asosiysi, Adler gʻoyalari gumanistik psixologiyaga asos boʻlgan.
Asosiy ixtilof: biologiyami yoki jamiyat?
Freyd va Adler qarashlari uchta asosiy savolda toʻqnashadi: xulq-atvorni nima belgilaydi? Freydga koʻra, instinktlar inson xulq-atvorini belgilaydi. Adler esa ijtimoiy muhit va maqsadlarni koʻrsatadi. Zamonaviy ilm-fanga koʻra, xulq-atvor – bu bio-psixo-ijtimoiy omillar natijasi hisoblanadi.
Nima muhim – oʻtmishmi yoki kelajak?
Freyd insondagi ruhiy buzilishlar yoki muammolarni asosan bolalik davridagi voqealar va taʼsir qiluvchi omillar bilan belgilaydi. Masalan, yoshlikda mehr koʻrmaslik, bolalik travmalari (zoʻravonlik va boshqalar) shular jumlasidandir. Freyd psixoanalazi davrida asosan patsiyentning oʻtmishi bilan qiziqadi. Bugungi muammolarning ildizini oʻtmishdan qidiradi. Bu patsiyent uchun juda qulay. Yaʼni, Freyd nazariyasiga koʻra, pedofil yoki seriyali qotil oʻzining bunday holga kelib qolishida ota-onasinnig tarbiyasi va tarofdagilarning taʼsirini ayblaydi.
Adler esa oʻtmishga emas, bugungi vaziyat – maqsad va maʼno bilan tushuntiradi. Yaʼni ayb yoki muammo boshqalarda emas, aynan sizda, sizning maqsad va harakatlaringizda yashirindir.
Zamonaviy tadqiqotlarga oʻkra, bu yoʻnalishlarning har ikkisi ham muhim. Ular bir-birini oʻzaro toʻldiradi. Shu bois ulardan faqat bittasiga tayanib qolish maqsadga muvofiq boʻlmaydi.
Inson erkinmi, dengan savolga Freyd “cheklangan darajada” deya javob beradi. Adler esa “inson – oʻz hayotining muallifi” deya izoh beradi. Zamonaviy qarashlarga koʻra esa erkinlik insonda cheklangan, ammo real erkinlik ham mavjud
Psixoterapiya: yondashuvlar farqi
Freyd psixoanalizi uzoq muddatga choʻziladi. Patsiyent haftalab yoki oylab psixologga qatnaydi. Ayrimlarning fikricha, Freyd patsiyentdan koʻproq pul undirish va qaram qilib qoʻyish maqsadida shunday uslubni tanlagan emishki, buni tasdiqlashning iloji yoʻq.
Freyd psixonalizining metodlari – erkin assotsiatsiyalar, tushlar tahlilidan iborat. Maqsad esa asosan ongdan tashqari vaziyatni baholashga qaratiladi.
Adler terapiyasi bulardan farq qiladi. Adler amaliyoti qisqa muddatliroq, maqsadga yoʻnalgan va ijtimoiy moslashuvga qaratilgan.
Ilmiy jihatdan olib qaraganda, Freydga xos uzoq muddatli psixodinamik terapiya samarali boʻlishi mumkin. Ammo Adlerga xos kognitiv-xulq-atvor terapiyasi (KXT) tezroq natija berishi bilan ajralib turadi. Biroq yagona universal usul mavjud emas.
Tanqid va ilmiy baholash
Freyd taʼlimoti undagi ilmiy jihatdan tekshirib boʻlmas gipotezalari uchun tanqid qilinadi. Uning koʻp gʻoyalari noilmiy, deb baholanadi. Ammo olimlar va aholi orasida taʼsiri juda katta.
Adler nazariyalari esa zamonaviy fanga yaqinroq, ijtimoiy psixologiya bilan uygʻun. Lekin Adler taʼlimoti ham cheklangan boʻlib, istisnolardan xoli emas.
Zamonaviy psixologiyaga taʼsir
Har ikki maktab bugun yashab kelmoqda. Freyddan – gʻayriixtiyoriy ong tushunchasi, psixologik himoya mexanizmlari, insonning bugungi xulq-atvorida bolalik davrining ahamiyati qimmatli meros sifatida qoldi.
Adlerdan esa oʻzini baholash, ijtimoiy muhitning ahamiyati va maqsadga yoʻnalganlik ilm-fan xizmatiga oʻtdi. Shu bois, “zamonaviy psixologiya – bu ikki maktab uygʻunlashgan nuqta” deb ayta olsak boʻladi.
Kim haq edi?
Javob oddiy emas. Freyd – inson toʻliq ratsional emasligini koʻrsatdi. Adler – inson ijtimoiy va maqsadli ekanini isbotladi. Zamonaviy xulosa esa shunday – inson biologiya, psixika va jamiyat uygʻunligidan iborat tushunchadir.
Xulosa: tugallanmagan bahs
Freyd va Adler bahsi oʻtmishda qolgan emas. U har bir insonda davom etadi.
Biz oʻtmish taʼsiridamizmi yoki kelajakni quryapmizmi? Bizda instinktlar ustunmi yoki maqsadlar? Inson individual mavjudotmi yoki ijtimoiy? Bu kabi savollarga javob topishda beixtiyor Freyd va Adler maktablariga murojaat qilishga majbur boʻlamiz.
Fan bergan javob esa murakkab: inson – ziddiyatli mavjudotdir.
Shuning uchun ham na Freyd, na Adler magʻlub boʻldi. Ular faqat inson tabiatining turli tomonlarini yoritib berishdi xolos.
Ammo hozirda Freydga xos psixoanaliz keng tarqalgan. Patsiyentlar shu usulda davolanishni afzal koʻrishadi. Chunki inson aybni oʻzidan emas, tashqaridan qidirishga moyil. Freyd esa ayni shu ehtiyojni qondiradi: agar yoshligingda senga toʻgʻri va sogʻlom munosabatda boʻlishganida, sen ham hozir toʻgʻri va ruhan sogʻlom boʻlarding”, deya uqdiradi. Patsiyent uchun bundan shirinroq tasalli boʻlmasa kerak...
Abulfayz Sayidasqarov
