Hokimiyat idoralarida qogʻoz sarfi boʻyicha cheklov joriy qilinadi
Ishlatilgan qogʻozlarni yigʻish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Qogʻozsiz ish yuritishga oʻtish jarayoni jadallashtiriladi.
“Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qogʻozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (109-son, 18.03.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 iyunga qadar:
- ishlatilgan qogʻozlarni yigʻish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
- har bir tarkibiy boʻlinmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qogʻoz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
2026 yil 1 maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
- kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qogʻoz, siyoh, printer va nusxa koʻchirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
- printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
- har oyda 1 marotaba "Qogʻozsiz bir kun" ekoaksiyasi oʻtkaziladi.
