Shavkat Mirziyoyev Alisher Usmonovga minnatdorlik bildirdi
Bu haqda Prezidentning Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqida taʼkidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Alisher Usmonovga minnatdorlik bildirdi.
Bu haqda Prezidentning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqida aytiladi.
"Bunday yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini koʻrsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytaman. Xususan, birinchilar qatorida tashabbus koʻrsatib, zarur mablagʻ, gʻoya va noyob tarixiy eksponatlar taqdim etgani uchun hurmatli vatandoshimiz, mashhur metsenat va biznesmen Alisher Burhonovich Usmonovga samimiy tashakkur izhor etaman", deyiladi nutqda.
Ushbu Markazda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning oʻzida yagona maʼrifiy makonda koʻrish, shu asosda oʻzbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkin. Ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgan boʻlib, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda “Oʻzbekiston zaminida islomgacha boʻlgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish boʻyicha ham katta ishlar qilindi. Oʻtgan yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgani ham shundan dalolat beradi.
Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik oʻrnatilib, 743 ta eksponatning original, yaʼni, asl nusxalari yurtimizga keltirildi.
