platina.uz
Jamiyat

Prezident Samarqanddagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishdi

Mazkur park sobiq harbiy gospital oʻrnidagi 5,4 gektar maydonda 70 mlrd soʻmdan ortiq homiylik mablagʻlari hisobiga barpo etilgan. 

Prezident Samarqanddagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Samarqandga keldi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishishdan boshladi.

Bugungi kunda shahar kengayib, yirik megapolisga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda bu yerda yangi aholi turar joylari, ijtimoiy soha obʼektlari tashkil etildi, aholi soni ancha oshdi. Tabiiyki, bunday sharoitda shaharda yashil maydonlarni koʻpaytirish, yangi bogʻ va xiyobonlar, aholi dam olish maskanlari yaratishga ehtiyoj oshadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 million tupdan ortiq daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda ham 6,3 million tup mevali va manzarali daraxt, buta koʻchatlari oʻtqazish rejalashtirilib, ayni paytda viloyatning barcha hududlarida bu jarayon davom etmoqda.

Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan sobiq harbiy gospital oʻrnidagi 5,4 gektar maydonda ham 70 milliard soʻmdan ortiq homiylik mablagʻlari hisobidan Yoshlar kreativ parki tashkil etildi.

Bu yerda madaniy meros obʼektlari roʻyxatiga olingan 5 ta bino va inshoot boʻlib, endilikda ulardan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, koʻp tarmoqli oʻquv markazi, kreativ toʻgaraklar, sunʼiy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport oʻyinlari markazlari sifatida foydalaniladi. Axborot-resurs markazi, sport zallari, yer osti ekomuzeyi tashkil etildi.

Yoshlar kreativ parki, ayniqsa, yigit-qizlar uchun nafaqat dam olish maskani, balki axborot texnologiyalari sohasi va sport bilan shugʻullanish, startap loyihalarni amalga oshirish uchun qulay joy boʻladi.

Viloyat shaxmat federatsiyasi ham yangi bogʻda joylashgan. Federatsiya tomonidan bu yerda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, musobaqalar oʻtkazish imkoniyati mavjud.

Bogʻda bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Hududda Nuroniylar maskani, oʻndan ortiq ayvonchalar qurilgan.

Prezidentimiz dastlab “Profi deutsch” nemis tilini oʻqitish va imtihon markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu loyihaning muhim jihati “Telc” imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ish boshlayapti. Markazda yoshlar nemis tilini oʻrganib, xalqaro “Telc” sertifikatini oladi. Sertifikat sohiblari Germaniyada dual kasbiy taʼlimda oʻqishini davom ettiradi, bandligi taʼminlanadi. Joriy yilda bunday imtihon markazini mamlakatimizning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Loyiha doirasida 8-11 sinf oʻquvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladi. Oʻquvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.

Shuningdek, “Aloqa bank” va Milliy bank konsultativ markazining tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish, startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlari, Yoshlar ishlari ishlari agentligining “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi” loyihalari bilan tanishildi.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning loyihalari bilan tanishdi. Jumladan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “Eco-schools Uzbekistan” loyihasida ishtirok etayotgan yosh ekofaollar 2026 yil uchun rejalari haqida soʻzlab berdilar.

– Yangi Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarni barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga – bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har daqiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, doʻstingiz kitob boʻlsin. Biror bilimni chuqur egallash va toʻgʻri yoʻlni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz soʻnmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz gʻoyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qoʻllab-quvvatlashga tayyorman, – dedi Prezidentimiz.

Samarqand shahrida bunday zamonaviy taʼlim va dam olish maskanlarini koʻpaytirish boʻyicha masʼullarga topshiriq berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid