platina.uz
Jamiyat

Prezident “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Narpayga bordi

Poyezd Oʻzbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga moʻljallangan. Narpayda Prezident gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Narpayga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda yurtimizga olib kelingan yangi “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga keldi.

Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib Oʻzbekiston bayrogʻini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda “Jaloliddin Manguberdi” yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sigʻimi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yoʻlovchini tashkil etadi.

Poyezd Oʻzbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga moʻljallangan.

Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent – Urganch – Xiva yoʻnalishi boʻylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.

Safar chogʻida davlatimiz rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilgʻor yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.

Yurtimizda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, tobora koʻpayib borayotgan yirik loyihalar, odamlar farovonligi va qulayligi uchun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida fikr almashildi.

Narpayga kelgach, Prezidentimiz gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Samarqandda azaldan dehqonchilik madaniyati rivoj topgan. Yer va suvdan unumli foydalanish boʻyicha tajriba katta. Narpay tumanida ham har qarich yer maydoni va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, ilgʻor agrotexnologiyalarni joriy etishga eʼtibor ortib bormoqda.

Bugun gidroponika usulida mahsulot yetishtirish amaliyotiga talab katta. “Narpay qulupnay” korxonasi ana shunday innovatsion yondashuvni amaliyotga tatbiq etib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishayotgan ilgʻor tadbirkorlik subʼektlaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollarni tashkil etib, bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Mazkur issiqxonada yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda korxona “Narpay qulupnaylari” brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda. Bu esa ichki bozorni sifatli va ekologik toza mahsulotlar bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. Oʻsimlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi oʻtkazuvchi kokos qipigʻi muhitida rivojlanadi. Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni toʻgʻridan-toʻgʻri suv orqali qabul qiladi. Bu esa oʻsimlikning energiya sarfini kamaytirib, oʻsish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik anʼanaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori boʻladi.

Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. Oʻsimlik kasalliklari xavfi past boʻlgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini taʼminlashga xizmat qiladi va bugungi kun talablariga toʻliq javob beradi.

Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomgʻir suvini toʻplash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sigʻimli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni taʼminlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani taʼkidlandi. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham maʼlumot berildi.

Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qoʻshimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham koʻpaytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini taʼkidladi.

– Bugun barcha sohada boʻlgani kabi mazkur yoʻnalishda ham sunʼiy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar toʻgʻri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shugʻullanishga oʻrgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham toʻldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Narpay tumanida joylashgan “Maroqand sifat” klasteri tizimida chiqindisiz texnologiya tamoyili asosida ish olib borayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi.

Klasterda paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq qiymat zanjiri shakllantirilgan. Xususan, paxta va urugʻlik yetishtirish, yogʻ-moy ishlab chiqarish, tola va ip-kalava tayyorlash, shuningdek, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni qamrab olgan 25 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bunday yondashuv qishloq xoʻjaligi va sanoatni uzviy bogʻlash orqali yuqori qoʻshimcha qiymat yaratish imkonini bermoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida korxona ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha yiliga 5,5 ming tonna, tayyor trikotaj mahsulotlari boʻyicha esa 1 million dona quvvatga ega boʻldi. Mazkur koʻrsatkichlar 10 million dollarlik eksport salohiyatini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa klasterning ichki va tashqi bozorlardagi oʻrnini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati aholi bandligini taʼminlashga qoʻshayotgan hissasidir. Ayni paytda bu yerda 1 ming nafar doimiy ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, mavsumiy ishlar davrida yana 3 ming nafar aholi ish bilan taʼminlanmoqda.

“Maroqand sifat” klasterining mato qoldiqlarini qayta ishlash orqali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi ilgʻor va samarali tashabbuslardan biri hisoblanadi.

Loyiha tarkibida biolaboratoriya hamda tikuv sexlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan chiqindilarni qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, tikuv sexlarida foydalanib boʻlingan mato qoldiqlari tashlab yuborilmaydi. Ular zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar orqali qayta ishlanib, yana ip-kalava holatiga keltiriladi. Ushbu yoʻnalishda yillik tola ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar boʻlib, u 3,3 gektar maydonda joylashgan. Korxonada 500 nafar aholining doimiy bandligi taʼminlangan. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilgani uning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirmoqda.

Hozirda korxona hududida quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali ishlab chiqarish jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu korxonaning energiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi va tikuv sexida mehnat qilayotgan xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi.

– Sizlar bilan uchrashganimdan mamnunman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan ish oʻrinlari aholining bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilyapti. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha – yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarning bir qismi. Albatta, ish oʻrinlariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun biz yanada faol ishlayapmiz, har bir hududda yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning oʻzida Prezidentimizga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.

Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSh asosida xususiy sektorga berilgan. Oʻtgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard soʻm investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya isteʼmoli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.

Umuman, Samarqand viloyatining suv xoʻjaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual taʼlim yoʻlga qoʻyilib, 72 nafar talabaning suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yoʻnalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid