platina.uz
Jamiyat

Narpayda yangi sanoat zonasi tashkil etilib, 300 mln dollarlik loyihalar boshlanadi

Qurilish uchun xomashyo zaxiralarining toʻrtdan biri Narpayda joylashgan boʻlsa-da, qurilish materiali boʻyicha birorta yirik korxona yoʻqligi qayd etildi. 

Narpayda yangi sanoat zonasi tashkil etilib, 300 mln dollarlik loyihalar boshlanadi

Prezident Samarqand viloyati boʻyicha yigʻilish oʻtkazmoqda.

Viloyatdagi magistral yoʻllarning 34 kilometri Narpaydan oʻtgani savdo va servisni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani taʼkidlandi. Lekin yoʻl boʻylarida 10-15 ta kichik servis shoxobchasidan boshqa odamlarni jalb qiladigan birorta joy yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Mirbozor chorrahasidan kuniga 60 ming transport oʻtadi. Lekin bu yerdagi yoʻl tor boʻlgani uchun 2 kilometrgacha tirbandlik yuzaga kelmoqda.

Qurilish uchun xomashyo zaxiralarining toʻrtdan biri Narpayda joylashgan boʻlsa-da, qurilish materiali boʻyicha birorta yirik korxona yoʻqligi qayd etildi.

Tuman sanoatining viloyatdagi ulushi 2 foiz. Hududidan 36 kilometr temir yoʻl oʻtgan, 21 gektarli kichik sanoat zonalari boʻlgan tumanga bu koʻrsatkichlar yarashmasligi koʻrsatib oʻtildi.

Samarqanddagi suvli yerlarning qariyb 10 foizi ushbu tumanga toʻgʻri keladi. Biroq Narpay viloyatdagi qishloq xoʻjaligining 5 foizini ham bermaydi.

Tuman mutasaddilariga shu va boshqa muammoli masalalarni hal qilish yoʻllari koʻrsatib berildi.

Narpay tumanida 100 gektarda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil qilinishi eʼlon qilindi. U yerda joriy yilning oʻzida 300 million dollarlik loyihalar boshlanadi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini “diagnostika” qilish, “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni koʻpaytirish boʻyicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi.

Shuningdek, Narpay qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, tumandagi 25 ta mahalla qulupnaychilikka ixtisoslashtiriladi.

Umuman, Narpay, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Paxtachi tumanlari, Kattaqoʻrgʻon shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi bor-yoʻgʻi 10 foizni tashkil qilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Ularda sanoatni rivojlantirish boʻyicha dastur qilinib, 1 trillion 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu mablagʻlarning 800 milliard soʻmi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlashga, qolgan 400 milliard soʻmi yoʻl, suv, elektr taʼminotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yoʻnaltiriladi.

Ushbu mablagʻ doirasida Kattaqoʻrgʻon shahridan 40 kilometr masofadagi Ingichka shaharchasiga sanoat va “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasi kiradi. Bundan tashqari, Kattaqoʻrgʻon shahri markazidagi Narpay kanalidan oʻtgan, 60 yil oldin qurilgan koʻprik ham rekonstruksiya qilinadi.

Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini koʻrish topshirildi.

Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qoʻshrabot, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, yangicha qiyofa olib kirish vazifasi qoʻyildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid