platina.uz
Tahlil

Erondagi urush qachon tugaydi?

Bu savol hamon ochiq qolmoqda. Chunki ayrim yirik oʻyinchilar bu jarayon tez tugamasligidan manfaatdor.

Erondagi urush qachon tugaydi?

2026 yil mart oyining oʻrtalariga kelib, Eron va AQSh hamda Isroil boshchiligidagi koalitsiya oʻrtasidagi harbiy mojaro nafaqat mintaqaviy urush, balki global iqtisodiy beqarorlikning asosiy omiliga aylandi. Bir oyga yetmagan vaqt ichida neft narxi 35-45% ga oshdi, ayrim savdo kunlarida Brent narxi 110 dollardan ham yuqori koʻrsatkichlarga chiqdi. Dunyo yana XX asrdagi neft shoklarini eslatuvchi holatga qaytdi, ammo bu safar geosiyosiy manzara ancha murakkab.

Harbiy dinamika: tez gʻalabadan umid yoʻq

Deyarli 1 oydan beri AKSh-Isroil koalitsiyasining Eronga raketa zarbalari davom etmoqda. Eron ham Isroilga va AQShning mintaqadagi harbiy bazalari hamda qoʻshni arab davlatlarining iktisodiy infratuzilmalariga raketa va dronlar uchirib javob bermoqda.

Biroq Eronning zarbalari avvalgidek emas. Mojaroning ilk kunlaridagi koʻlam hozir deyarli 90 foiz kamaygan. Bu Eron raketa zaxiralarining tugab borayotganini anglatadi.

Qolaversa, AQSh va Isroil samolyotlari allaqachon Eron osmonida hukmronlik qilmokda. Chunki Eronning Rossiyadan sotib olgan havodan xujum mudofaa tizimlari xuddi Venesuelada boʻlgani kabi foydasiz boʻlib chikdi. Foydalilari ham koalitsiya tomonidan yoʻq qilindi.

Shu bois Eron hozir oʻzini himoya qila olmayapti, faqat hujum qilishga imkoniyati yetyapti.

Qolaversa, Eronning raketa va dron ishlab chiqarish quvvatlari xam sekin-asta izdan chiqarilmokda. Har bir raketa uchirilgan paytda uni uchirgan qurilmalar aniqlanib, koalitsiya tomonidan yoʻq qilinmoqda.

Lekin Eron rejimi hamon sobit qolmoqda. Xalqning norozilik namoyishlari xam, asosiy yetakchilarning oʻldirilgani ham, Mossad agentlari xam mavjud rejimni qulata olmadi.

Xoʻsh, bu urush qachon va qanday tugashi mumkin? Maʼlum boʻlishicha, Trampda ham, Isroilda ham bu borada aniq javob yoʻq. Eron esa kundan-kunga gʻazab otiga minmoqda. Hormuz boʻgʻozini yopib, jahon boʻylab iqtisodiy inqirozni kuchaytirmoqda.

Maqsadlar nima edi?

Taʼkidlash kerak, ushbu mojaro tomonlarining maqsadlari boshidanoq farq qilgan edi.

AQSh – Eronning harbiy salohiyatini zaiflashtirish va mintaqadagi taʼsirini cheklashni maqsad qildi.

Isroil – yadroviy dastur bilan bogʻliq infratuzilmani yoʻq qilish va Eronni zaiflashtirishni maqsad qilgan edi.

Eron esa amaldagi rejimni saqlab qolish va tashqaridan agressiya boʻlgan taqdirda jiddiy zarar yetkaza olishini koʻrsatishga intilmoqda.

Dastlabki uch hafta ichida oʻnlab harbiy va sanoat obʼektlariga zarbalar berildi. Eron yuzlab raketa va dronlardan foydalandi. Mintaqadagi proksi guruhlar (Hizbulloh va shia jangari guruhlari) ancha faollashdi

Biroq hech bir tomon strategik ustunlikka erisha olmadi. Bu “gʻalabasiz cheklangan urush” ssenariysi boʻlib, koalitsiyada texnologik ustunlik bor, Eronda esa geografiya, mudofaa chuqurligi va asimmetrik vositalar mavjud. “Tez gʻalaba” ehtimoli hozirda 20% dan kam baholanmoqda.

Hormuz boʻgʻozi: asosiy bosim vositasi

Hormuz boʻgʻozi jahon energetikasining eng muhim nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bu yerdan odatda kuniga 17-20 million barrel neft oʻtar edi. Bu jahon isteʼmolining taxminan 20% ni tashkil qiladi.

Bu joydagi harakatning qisman falajlanishi ham tashish xarajatlarini 2-3 barobar oshiradi, taʼminotni 10-15% ga qisqartiradi, energetika bozorida vahima xaridlarini keltirib chiqaradi

Eron boʻgʻozni toʻliq yopmagan, ammo tankerlarga hujum qilmoqda, ayrim dengiz hududlarini minalashtirmoqda, xavfni oshirib, narxlarni koʻtarmoqda.

Tan olish kerak, boʻgʻozni toʻliq blokada qilish mumkin, lekin Eron uni bir necha haftadan ortiq ushlab tura olmaydi.

Shunga qaramasdan, AQShning harbiy yoʻl bilan boʻgʻozni ochish, oʻtayotgan kemalarni himoya qilib, kuzatib oʻtkazib qoʻyish rejalari amalga oshmayapti. Qolaversa, NATOva Gʻarb koalitsiyasi ham Tramp taklifiga qatʼiy ijobiy javob bermadi.

Neft narxlari: bozorda xavotir kuchli

Fevral oxiridan beri Brent markali neft narxining 1 barreli 75 dollardan 115 dollargacha oʻsdi. Ayrim paytlarda 120 dollarga ham chiqdi.

Prognozlarga koʻra, bazaviy ssenariy – 95-110 dollar, stress ssenariy – 120-140, inqiroz ssenariysi – 150 dollarga qiymatni bashorat qiladi. Eron tomoni esa “dunyo neftning 1 barreli doimiy 200 dollar boʻlishiga koʻnikishi lozim” deya xoʻrozlanib bayonot berdi.

Oʻsishning asosiy sababi – real tanqislik emas, balki xavfsirash boʻlib, u hozir barreliga 20-25 dollarni tashkil qilmoqda.

Global iqtisodiyot: katta inqiroz xavfi

Jahon bozorida oqibatlar allaqachon sezilmoqda. Rivojlangan davlatlarda inflyatsiya 1,5-2% punktga oshishi mumkin. Jahon iqtisodiyoti oʻsishi 0,5-1% ga sekinlashmoqda. Transport va sanoat xarajatlari keskin oshdi

Eng koʻp zarar koʻrayotgan hududlar – Yevropadaenergiya importiga yuqori qaramlik kuzatiladi. Osiyo – eng yirik neft isteʼmolchisi. Rivojlanayotgan davlatlarda – yoqilgʻi tanqisligi xavfi kuchaymoqda.

Moliya bozorlaridagi vaziyat ham yaxshi emas – aksiya indekslari 8-12% ga tushdi, oltin va xavfsiz aktivlar qimmatlashdi.

Diplomatiya: boshlana olmayotgan muzokaralar

Harbiy harakatlarga qaramay, diplomatik aloqalar saqlanib qolgan. Bu, asosan, Fors koʻrfazi davlatlari vositachiligi, Xitoy ishtirokini jalb qilishga urinishlar, Yevropa orqali muloqotlarda koʻrinadi.

Afsuski, hozircha tomonlar murosaga tayyor emas. Eroninng yangi saylangan oyatullosi – hozircha tirik yoki oʻlikligi nomaʼlum Mujtaboga Eron ijrochi hokimiyati tomonidan urushni toʻxtatish va sulh tuzish taklifi berilgan. Biroq Oyatullo unga xos qaysarlik va kibr bilan “hozir tinchlikning vaqti emas” deya javob bergan.

Buning ustiga tomonlarning talablari ham bir-biriga toʻgʻri kelmaydi. Gʻarb taslim boʻlishni soʻrayapti, Eron esa raketa zarbalari uchun AQSh va Isroildan tovon puli talab qilyapti. Oʻzaro ishonch darajasi soʻnggi 10 yilda eng past koʻrsatkichni namoyon qilmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda sulhga erishish ehtimoli – 15% dan kam, deya baholangan. Tramp maʼmuriyatidagi manbalar ham urush sentabr oyigacha choʻzilishi mumkinligini istisno etmayapti.

Urush tugashi ssenariylari

1. Tez ssenariy – urush 1-2 oyda yakunlanadi.

Ammo buning uchun koalitsiya keskin harbiy muvaffaqiyatga erishuvi yoki Eron ichidagi inqiroz hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlishi shart. Bunday ssenariy ehtimol – 10-20 foizga teng.

2. Uzoq davom etuvchi urush (3-9 oy)

Bunda davriy zarbalar, quruqlikdagi cheklangan operatsiyalar va iqtisodiy bosim talab etiladi. Mazkur ssenariy ehtimoli 50-60 foizga yaqin.

3. “Muzlatilgan” mojaro

Bu formatda Suriyadagiga oʻxshash model shakllanadi. Yaʼni rasmiy tinchlik oʻrnatiladi, lekin doimiy keskinlik saqlanib qoladi, davriy toʻqnashuvlar yuz berib turadi. Bu vaziyat ehtimolini 20-30% deya baholash mumkin.

Neft inqirozi qachon tugaydi?

Qayd etish joiz, neft inqirozi – urush bilan teng emas. Hatto oʻt ochish toʻxtatilgandan keyin ham logistika tiklanishiga 2-6 oy kerak boʻladi. Narxlar barqarorlashishiga esa oʻrtacha 1 yilgacha vaqt ketadi.

Biroq barqarorlashtiruvchi omillarni ham sanab oʻtish kerak. Ular Hormuz boʻgʻozining ochilishi, boshqa davlatlar tomonidan neft ishlab chiqarish va eksport hajmining ortishi va strategik zaxiralardan foydalanish kuniga 1-2 mln barrelga chiqishidan iborat deyish mumkin.

Ammo bozor allaqachon oʻzgargan: muqobil yoʻllar ahamiyati oshgan. Qolaversa, energetika bozori diversifikatsiyaga uchray boshladi. Masalan, Germaniya va Fransiya neft va gazga qaramlikni pasaytirib, yana atom energetikasiga qaytish haqida jiddiy oʻylana boshladi.

Uzoq muddatli oqibatlar: yangi energetik tartibot

Bu inqiroz tarixiy burilish boʻlishi mumkin. Yaʼni, muqobil – yashil energiyaga oʻtish tezlashadi. Osiyo iqtisodiyotlarining roli ortadi va tor logistik nuqtalarga qaramlik kamayadi. Bu holat 1973 yil inqiroziga oʻxshash boʻlsa-da, ammo farqlari ham bor.

Masalan, hozirda bozorlarning oʻzaro bogʻliqligi yuqori, reaksiya tezligi katta, strategik zaxiralar mavjud.

Xulosa: noaniqlik davri

Shunday ilib, 2026 yil mart holatiga koʻra eng real prognoz quyidagicha boʻladi:

Faol urush bosqichi – yana 3-6 oy davom etadi.

Beqarorlik davri – 2026 yil oxirigacha saqlanib qolishi mumkin.

Neft bozorining toʻliq tiklanishi 2027 yilda amalga oshsa ham katta gap.

Zero, bu inqiroz faqat neft yoki urush haqida emas. Bu – jahon tartibi modellarining toʻqnashuvidan iborat.

Shuning uchun “urush qachon tugaydi?” degan savol hamon ochiq qolmoqda. Chunki ayrim yirik oʻyinchilar bu jarayon tez tugamasligidan manfaatdor. Bu masala esa keyingi tahlillar uchun mavzu...

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid