platina.uz
Jamiyat

Uy-joy savdosi endi notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida amalga oshiriladi

Notarius eskrou hisobvaragʻida mablagʻlar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi. 

Uy-joy savdosi endi notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida amalga oshiriladi

Uy-joy va avtomobil sotib olishda naqdsiz toʻlov boʻyicha tartib belgilandi.

Koʻchmas mulk va transportlar oldi-sotdisida hisob-kitoblar endi naqdsiz shaklda notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

Prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-son Farmoniga asosan, sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda bitimlarni rasmiylashtirish jarayonida axborot xavfsizligi va maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida:

Adliya vazirligi Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar oʻrtasida elektron maʼlumotlar almashish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (roʻyxat raqami: 3790, 16.03.2026 y.) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

2026 yil 1 apreldan koʻchmas mulk obʼektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblarning amalga oshirilganligi notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashish yoʻli bilan aniqlanadi.

Unga koʻra, endilikda notariuslar koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblar boʻyicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiradi.

Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;

Bank tomonidan taraflar oʻrtasida shartnoma boʻyicha kelishilgan pul mablagʻlari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvaragʻiga kirim qilinadi;

Shartnoma toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan amalga oshirilsa, tegishli eskrou hisobvaragʻiga taraflar oʻrtasida kelishilgan (boshlangʻich) pul mablagʻlari kirim qilinadi;

Shartnoma toʻliq yoki qisman kredit mablagʻlari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron maʼlumot yuboriladi;

Xaridor yoki uning vakilining bankdagi (bank kartasi, talab qilib olinguncha, elektron hamyon) hisobvaraqlaridan eskrou hisobvaraq sifatida foydalanilishi mumkin;

Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;

Notarius eskrou hisobvaragʻida mablagʻlar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi;

Pul mablagʻlari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi yoki hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar ularning soʻroviga koʻra naqd shaklda taqdim etiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid