Davlat aktivlarini xususiylashtirish soddalashtiriladi
Yangi qonun bilan ayrim hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va ijaraga berish soddalashtiriladi.
Qonun (OʻRQ–1122-son, 17.03.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari boʻyida zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obʼektlari, jumladan joylashtirish vositalari, savdo-koʻngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish boʻyicha:
- boʻsh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi Prezidenti qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori Prezident bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga oʻzgartirish uchun asos boʻladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra:
- davlat koʻchmas mulk obʼektini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorga mazkur obʼekt egallagan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchun soliq, agar mazkur obʼektga "tasarruf etish huquqisiz" belgisini qoʻygan holda davlat orderi berilgan boʻlsa, yer uchastkasining xaridor tomonidan mazkur obʼekt boʻyicha sotib olish toʻlovlarining toʻlangan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng maydoni yuridik shaxslardan undiriladigan yer soligʻi bazasi etib belgilandi.
Bunda soliqlar davlat koʻchmas mulk obʼekti boʻyicha sotib olish toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash grafigiga amal qilgan holda undiriladi.
Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qoʻmitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
