platina.uz
Jamiyat

Toshkent estetikasi tadbirkorning "belini sindirish" evaziga boʻlmasligi kerak – jamoatchilik

Soʻnggi kunlarda poytaxtda tadbirkorlarni oʻzlariga tegishli reklama va peshlavhalarni demontaj qilishga majburlash holatlari koʻpaygani haqli eʼtirozlarga sabab boʻlyapti.

Toshkent estetikasi tadbirkorning "belini sindirish" evaziga boʻlmasligi kerak – jamoatchilik

“Yuksalish” harakati yetakchisi Bobur Bekmurodovning qayd etishicha, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli boʻlishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim.

U quyidagi prinsipial masalalarga eʼtibor qaratish shart deb hisoblaydi:

"Birinchidan, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yoʻq. Ilgari oʻrnatilgan va oʻsha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish — bu qoʻshimcha moliyaviy yuklamadir.

Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid boʻlsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida boʻlishi shart. Tadbirkorga "ikki kun ichida demontaj qil" deb talab qoʻyish — bu maʼmuriy buyruqbozlikning koʻrinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy taʼsir oʻtkazadi.

Toʻrtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin oʻzgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat — "oʻtish davri" beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda.

Biz masʼul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni toʻxtatishga va qonuniylikni taʼminlashga chaqiramiz. Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning "belini sindirish" evaziga boʻlmasligi kerak", deyiladi munosabatda.

Eslatib oʻtish kerak, Toshkentning dizayn-kodi tasdiqlangan va 3 oy oʻtgach kuchga kirishi belgilangan edi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid