platina.uz
Iqtisod

Prezident mis konsentratini filtrlash korpusida boʻldi

Bundan tashqari davlat rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu markaz fabrikaning oʻziga xos “miyasi” boʻlib, yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan. 

Prezident mis konsentratini filtrlash korpusida boʻldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida boʻldi.

3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari oʻrnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan boʻlib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi.

Ayni vaqtda qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi toʻliq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda.

Filtrlash korpusida flotatsiya jarayonidan kelgan mis konsentratini qabul qilish, konsentratni quyultirish va filtrlash, tindirilgan suvni ajratish va qayta ishlab chiqarishga qaytarish, tayyor mis konsentratini saqlash yoki keyingi qayta ishlash bosqichiga uzatish kabi texnologik jarayonlar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda bu yerda 130 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari ish jarayoni va tayyor mahsulotni koʻzdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz ishtirokida shu yerning oʻzida mis konsentratidan namunalar olish marosimi oʻtkazildi. Namunalar 2 ta alohida idishga solinib, Olmaliq kombinati muzeyi va Toshkentdagi Davlat geologiya muzeyiga yuborildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, “Siemens PCS 7” va “AVEVA PI Vision” platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan taʼminlash, texnologik suv taʼminoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.

Boshqacha aytganda, ushbu markaz fabrikaning oʻziga xos “miyasi” boʻlib, yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan.

“Aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sunʼiy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi. Bu maʼlumotlarni yagona axborot tizimi orqali tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt orqali, ayniqsa, togʻ-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligini taʼkidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, kondan maʼdan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sunʼiy intellekt yechimlarini keng joriy etish koʻzda tutilgan.

Sakson yil davomida toʻplangan geologik va marksheyderlik maʼlumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Raqamli kon” tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yoʻnalishlarini belgilash imkonini bermoqda.

Sunʼiy intellekt asosida karer yoʻllari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga oshirilgan.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻzlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida oʻqitish ustuvor vazifalardan biri ekani koʻrsatib oʻtildi.

Patent ishlari koʻlamini kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Fabrikadagi har bir bosqichda qoʻllanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yoʻnalishlarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, yangi patent bu – yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yoʻnalishi va yangi bozorlar, demak. Mamlakatimizdagi boy xomashyo bazasi jahon bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani inobatga olinib, 2026 yilda qaysi istiqbolli yoʻnalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid