platina.uz
Iqtisod

30 mln soʻmdan 70 mln soʻmgacha: togʻ-kon sanoatidagi yuqori maoshlar maʼlum qilindi

Bu yilning oʻzida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Oltin qazib chiqarish hajmi oʻtgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.

30 mln soʻmdan 70 mln soʻmgacha: togʻ-kon sanoatidagi yuqori maoshlar maʼlum qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi boshlandi.

Soʻnggi yillarda togʻ-kon sanoati tubdan isloh qilindi. Ilgari qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish bilan 2 ta kombinat shugʻullanar edi.

Konlarni investorlarga berish boʻyicha shaffof tizim yaratilgani hisobiga toʻqqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan boʻlsa, soʻnggi toʻqqiz yilda bu yana 31 tonnaga koʻpayib, oʻtgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.

Xuddi shunday 2016 yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobarga oshirilishiga erishildi. Natijada sohada ishlab chiqarish 1,7 barobar oʻsib, oʻtgan yil 270 trillion soʻmga yetdi.

Muhimi, yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda ekani taʼkidlandi. Bugun ekskavator mashinisti 30 million soʻmgacha, burgʻilash mutaxassislari va katta samosval haydovchilari 40 million soʻmgacha, geolog va marksheyderlar 70 million soʻmgacha maosh olmoqda.

Bu yilning oʻzida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.

Dunyoda ham mazkur xomashyoga boʻlgan talab kundan kunga ortib borayotgani taʼkidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib boʻldi.

“Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan boʻladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.

Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida eʼtibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish boʻyicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik”, – dedi Prezident.

Misol uchun, “Yoshlik-1” koni. Yaqin-yaqingacha koʻpchilik “Bu konni oʻzlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz” deb oʻylardi. Vaholanki, joriy yilning oʻzida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid