Toshkent yoʻllarida yangi tizim
Ushbu tizim poytaxtda tirbandliklarni kamaytirish, yoʻl harakati xavfsizligini oshirish va fuqarolarning yoʻlda sarflaydigan vaqtini qisqartirishga yordam beradi.

Toshkent shahar hokimligida Yoʻl harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mutasaddilari ishtirokida poytaxt yoʻllarini yagona intellektual tizimga birlashtirishga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Toshkentda yoʻl harakatini boshqarish uchun “aqlli” transport tizimi joriy etilayotgani maʼlum qilindi.
Mazkur tizim transport oqimini real vaqt rejimida tahlil qilib, chorrahalardagi svetoforlarning ishlashini avtomatik boshqaradi. Maxsus kameralar va datchiklar orqali yoʻllardagi harakat zichligi kuzatiladi va kerakli yoʻnalishlarda yashil chiroq vaqti uzaytiriladi. Bu tirbandliklarni kamaytirish va yoʻl harakatini yanada samarali tashkil etishga yordam beradi.
Yangi tizim jamoat transportiga ham ustuvorlik beradi. JPS orqali chorrahaga yaqinlashayotgan avtobus aniqlanib, unga tezroq oʻtish imkoniyati yaratiladi. Natijada avtobuslar bekatlarga tezroq yetib boradi va yoʻlovchilarning kutish vaqti qisqaradi.
Shu bilan birga, YHTEM maʼlumotlariga koʻra, hozirda tizimga 125 ta muhim chorraha ulangan. 2026 yilda bu koʻrsatkichni 545 taga yetkazish rejalashtirilgan. Umuman olganda, Toshkentda qariyb 1000 ta svetoforli chorraha mavjud. Har bir aqlli chorraha kameralar va transport oqimini oʻlchovchi datchiklar bilan jihozlanadi. Ushbu maʼlumotlar maxsus tahlil markaziga uzatiladi va mutaxassislar tomonidan qayta ishlanadi.
Shuningdek, poytaxtda transport infratuzilmasini yaxshilash doirasida svetoforlarga taymerlar oʻrnatish, avtobus bekatlarini yangilash, chorrahalarni rekonstruksiya qilish hamda pullik avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 100 kilometrga yaqin koʻcha va 14 ta chorraha qamrab olinadi. Ulardan 10 tasida rekonstruksiya ishlari olib boriladi, qolgan 4 tasida esa qoʻshimcha yoʻllar ochiladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu tizim Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish, yoʻl harakati xavfsizligini oshirish va fuqarolarning yoʻlda sarflaydigan vaqtini qisqartirishga yordam beradi.
