Qoraqalpogʻiston va Jizzaxda hokimiyat bosh mutaxassislari qoʻlga olindi
Zarbdor tumani hokimligi mansabdori davlat zaxirasidagi 4 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali auksion savdoda yutib, rasmiylashtirib berish evaziga pora olgan.

Hokimiyat vakillariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda hokimiyat vakilining noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Zarbdor tumani hokimligi bosh mutaxassisi oʻz xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, 1983 y.t. fuqaroning yashash xonadoniga tutash boʻlgan, davlat zaxirasidagi 4 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali auksion savdoda yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Xoʻjayli tumani hokimligi bosh mutaxassisi hamda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi oʻzaro til biriktirib, mahalliy fermer xoʻjalik rahbari noqonuniy ravishda 250 mln soʻmga sotishni rejalashtirgan 41,6 gektar yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarmasdan va auksion savdolariga chiqarmasdan xorazmlik tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
