Kinotavsiya: “Hokim”dan tortib “Los-Anjelesdagi oʻgʻrilik”kacha
Loyihaning bu galgi sonida katta premeradan boshlab eng mashhur retro filmgacha saraladik. Shuningdek, turli qatlam vakillarini qamrab oldik.

“Kinotavsiya” loyihasining bu galgi sonida ham eng yaxshi va mashhur filmlarni saralashga harakat qildik. Ularning orasida premera, retro va multfilm bor.
5. Hokim, 2019
Qozogʻistonning eng ommabop komediyalaridan biri boʻlib, rejissyor va aktyor Nurtas Adambay tomonidan suratga olingan. Film nafaqat kulgili voqealari, balki ijtimoiy va til bilan bogʻliq muhim mavzularni koʻtargani bilan ham eʼtiborni tortgan.
Rejissyor va ssenariy muallifi: Nurtas Adambay. Bosh rollarda: Nurtas Adambay, Gulnaz Jolanova, Jan Bayjanbayev va boshqalar.
Syujet
Voqealar markazida boy va nufuzli amaldorning oʻgʻli – Azamat (Nurtas Adambay) turadi. U shaharning hashamatli hayotiga oʻrgangan, erkin va biroz magʻrur yigit.
Tasodifan Azamat chekka bir qishloqqa (aulga) hokim (akim) etib tayinlanadi. Qishloqqa kelganida u yerda na internet, na issiq suv borligini koʻrib, dahshatga tushadi. Eng asosiy muammo – Azamat qozoq tilini yaxshi bilmaydi, qishloq aholisi esa faqat shu tilda gaplashadi.
Azamat qishloq aholisining ishonchini qozonish uchun nafaqat til oʻrganishi, balki ularning hayotiy muammolarini (maktab taʼmiri, gaz, chiroq kabilar) hal qilishi kerak boʻladi. Shu jarayonda u mahalliy oʻqituvchi qiz Gulnaz (Gulnaz Jolanova) bilan tanishadi.
4. Piku (Piku), 2015
Hindistonda suratga olingan, ota va qiz oʻrtasidagi murakkab, ammo mehrli munosabatlarni yorituvchi mashhur komediya-drama. Bosh rollarda Amitabx Bachchan (Bxashkor Banerji), Dipika Padukon (Piku) va Irfon Xon (taksi kompaniyasi egasi Rana). Rejissyor: Shujit Sirkar.
Ushbu kino anʼanaviy raqs va qoʻshiqlardan yiroq, realistik va chuqur maʼnoli asarlardan biri hisoblanadi. Film oddiy va hayotiy voqealarni mahorat bilan koʻrsatgani uchun tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan.
Amitabx Bachchan ushbu roli uchun eng yaxshi aktyor sifatida Milliy kino mukofotini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, film Filmfare va boshqa nufuzli mukofotlarning bir nechta yoʻnalishlarida gʻolib boʻlgan.
Taxminan 42 kror byudjet bilan suratga olingan film dunyo boʻylab 141 krordan ortiq daromad keltirib, tijoriy jihatdan ham muvaffaqiyat qozongan.
Syujet
Film Dehlida yashovchi meʼmor Piku va uning 70 yoshli injiq otasi Bxashkor Banerji haqida. Otasi doimiy ravishda salomatligi, ayniqsa, ovqat hazm qilish muammolaridan shikoyat qilib, qizining shaxsiy hayotiga xalaqit beradi. Voqealar ularning Dehlidan Kalkuttaga taksida qilgan uzoq sayohati davomida rivojlanib boradi.
3. Hayvonlar shahri (Zootopia), 2016, 2025
Walt Disney Animation Studios tomonidan ishlab chiqarilgan va dunyo miqyosida juda mashhur boʻlgan toʻliq metrajli multfilmdir.
Multfilm nafaqat bolalar uchun komediya, balki kattalar uchun ham jamiyatdagi stereotiplar, kamsitish va tenglik mavzularini mahorat bilan yoritib bergan. Film “Eng yaxshi animatsion film” yoʻnalishida “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlarini qoʻlga kiritgan hamda dunyo boʻylab 1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan.
Koʻpchilik kutgan davomi – “Hayvonlar shahri-2” 2025 yilning noyabrida premera qilindi. Ushbu qismda Judi va Nik endi toʻlaqonli sheriklar sifatida yangi, yanada murakkab jinoyatlarni ochishda davom etadilar.
Syujet
Multfilm voqealari turli hayvonlar (yirtqichlar va oʻtxoʻrlar) tinch-totuv yashaydigan zamonaviy megapolisda boʻlib oʻtadi. Judi Xopps – politsiya akademiyasini tamomlagan va shahar politsiyasida ishlashni orzu qilgan birinchi quyon. Nik Uayld – uddaburon va ayyor tulki, u dastlab Judiga xalaqit beradi, lekin keyinchalik uning yaqin sherigiga aylanadi.
Judi va Nik shaharda hayvonlarning sirli ravishda “yovvoyi” boʻlib qolishi bilan bogʻliq jinoyatni ochish uchun birlashadilar. Bu jarayonda ular katta fitnani fosh qilishadi.
2. Los-Anjelesdagi oʻgʻrilik (Crime 101), 2026
2026 yilning eng yirik va kutilgan kriminal trillerlaridan biri boʻlib, u yozuvchi Don Uinslouning shu nomli qissasi asosida suratga olingan. Film rejissyori va ssenariy muallifi Bart Leyton.
Filmning dunyo boʻylab premerasi 2026 yil 13 fevralda boʻlib oʻtdi. Bosh rollarda Kris Xemsvort, Mark Ruffalo, Xolli Berri, Barri Keogan va boshqalar. Kris Xemsvort va Mark Ruffalo Marvel olamidan soʻng ilk bor ushbu jiddiy dramatik filmda birga namoyon boʻlishdi.
Syujet
Film voqealari Los-Anjelesda, mashhur 101-shosse boʻylab sodir boʻladi. Mayk Devis (Kris Xemsvort) zargarlik buyumlari oʻgʻrisi, u juda ehtiyotkor va kuch ishlatmaydi. Oʻz ishini shunchalik ustalik bilan bajaradiki, politsiya jinoyatlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrmaydi.
Tajribali detektiv Lu Lyubesnik (Mark Ruffalo) ushbu jinoyatlar zanjirini va oʻgʻrining oʻziga xos “imzosi”ni sezib qoladi. Mayk oʻzining “oxirgi katta ishi”ni rejalashtirayotganda, uning yoʻli Sheron (Xolli Berri) ismli sugʻurta brokeri va xavfli yosh jinoyatchi Ormon (Barri Keogan) bilan kesishadi.
1. Shoushenkdan qochish (The Shawshank Redemption), 1994
Rejissyor Frenk Darabont tomonidan suratga olingan va dunyo kinematografiyasining eng sara asarlaridan biri hisoblangan drama. Film Stiven Kingning “Rita Xeyvort va Shoushenkdan qochish” qissasi asosida yaratilgan. Bosh rollarda: Tim Robbins (Endi Dyufreyn) va Morgan Friman (Red).
Film koʻp yillardan buyon IMDb portalida “Eng yaxshi 250 ta film” roʻyxatida 1-oʻrinni egallab keladi.
Film premera qilingan vaqtda kassabop boʻlmagan (prokatda xarajatlarini zoʻrgʻa qoplagan), biroq keyinchalik videokassetalar va televideniye orqali juda mashhurlikka erishgan.
Film 7 ta yoʻnalishda “Oskar” mukofotiga nomzod boʻlgan, lekin oʻsha yili “Forrest Gamp” filmi bilan raqobatlashgani sababli birorta ham haykalchani qoʻlga kirita olmagan.
Bu film nafaqat qamoqxonadan qochish haqida, balki inson matonati, umid va chin doʻstlikning ramzi hisoblanadi.
Syujet
Bankir Endi Dyufreyn xotini va uning jazmanini oʻldirganlikda ayblanib (u bu jinoyatni sodir etmagan boʻlsa-da), Shoushenk qamoqxonasiga umrbod qamaladi. Filmda Endining qamoqxonadagi ogʻir hayoti, u yerdagi Ellis “Red” Redding bilan doʻstligi va 20 yil davomida tayyorlagan qochish rejasi hikoya qilinadi.
