AQSh Eronning yangi rahbari va boshqa yirik amaldorlar haqida maʼlumot uchun 10 mln dollargacha mukofot eʼlon qildi
Eʼlon "Adolat uchun mukofotlar" dasturi ostida joylashtirildi. AQSh rasmiylari Eronning yangi Oliy rahbari Mojtaba Xomanaiyga alohida eʼtibor qaratgan.

AQSh Davlat departamenti Eron oliy rahbari va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining asosiy rahbarlari haqida maʼlumot uchun 10 million dollargacha mukofot eʼlon qildi.
Eʼlon "Adolat uchun mukofotlar" dasturi ostida joylashtirildi. AQSh rasmiylari Eronning yangi Oliy rahbari Mojtaba Xomanaiyga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Dasturga koʻra, mamlakat oliy rahbariyatini ifodalovchi jami oʻn kishi qidiruvda.
Roʻyxatda kim bor?
Mojtaba Xomanaiydan tashqari, AQSh rasmiylari Eron rahbariyatining yana toʻqqiz aʼzosi haqida maʼlumot soʻramoqda.

Ular orasida: Oliy rahbarning shtab boshligʻi Ali Asgʻar Hijozi;
Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy;
Oliy rahbarning katta harbiy maslahatchisi Yahyo Rahim Safaviy;
Ichki ishlar vaziri Eskandar Momeni va Razvedka vaziri Ismoil Xatib bor.
Roʻyxatda shuningdek, Mudofaa kengashi kotibi, Oliy rahbarning maslahatchisi, Rahbar devonining harbiy boshqarmasi boshligʻi va korpus qoʻmondoni kabi lavozimlar ham bor.
Dastur shartlari
Taʼkidlanishicha, Davlat departamenti dasturi boʻyicha 10 million dollar mukofotning maksimal miqdori emas. Amaldagi qoidalarga koʻra, toʻlovlar 25 million dollarga yetishi mumkin.
Maxfiy maʼlumotlarni taqdim etgan informatorlarga evakuatsiya va xavfsizlik choralari taklif qilinishi mumkin. Maʼlumot uzatish uchun Tor brauzeri va Signal messenjeri kabi xavfsiz aloqa kanallari tavsiya etiladi.
Mukofot eʼlon qilinishi Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida boʻldi. 28 fevral kuni Qoʻshma Shtatlar va Isroil Eron hududiga katta havo hujumlarini uyushtirib, "Epik gʻazab" harbiy operatsiyasi boshlanganini eʼlon qilishdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning soʻzlariga koʻra, dastlabki hujumlarda taxminan 40 nafar yuqori lavozimli Eron amaldori halok boʻlgan. Halok boʻlganlar orasida Oliy Rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy, shuningdek, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻmondoni Muhammad Pakpur, Mudofaa Kengashi kotibi Ali Shamxoniy, Bosh shtab boshligʻi Abdulrahim Musaviy va Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda bor edi.
Keyinchalik yangi Oliy Rahbar boʻlgan Ali Xomanaiyning oʻgʻli Mojtaba Xomenei yaralangan. Uning rafiqasi va oʻgʻli ham hujumlarda halok boʻlgan.
