Zamonaviy mojarolarda psixologik urush avj olyapti
Soʻnggi paytlarda Markaziy Osiyo xalqlarini gij-gijlash, separatistik ogʻu urugʻini qadash, xalqlar oʻrtasiga nizo solishga urinishlar koʻpaydi. Biror davlatning muvaffaqiyatlari haqida yozilsa, albatta, negativ fikr bildiradigan botlar paydo boʻlib, bu yutuqlarni qadrsizlantirishga, hukumatga ishonchni kamaytirishga urinmoqda.

Zamonaviy qurolli mojarolar tobora anʼanaviy jang maydoni doirasidan chiqib bormoqda. Tanklar, aviatsiya va aniq nishonga uradigan raketalar bilan bir qatorda inson ongiga taʼsir qilish uchun kurash ham tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli psixologik urush zamonaviy geosiyosatning muhim vositalaridan biriga aylandi.
Psixologik urush deganda raqib armiyasi, mojaroda ishtirok etayotgan mamlakatlar aholisi hamda xalqaro jamoatchilik ongiga taʼsir koʻrsatishga qaratilgan harakatlar majmuasi tushuniladi. Uning asosiy maqsadi – raqibni ruhan zaiflashtirish, qoʻrquv va ishonchsizlik muhitini yaratish, davlat institutlariga boʻlgan ishonchni susaytirish va shu orqali odamlarning xulq-atvori hamda siyosiy qarorlariga taʼsir oʻtkazishdir.
XXI asrda psixologik urush “axborot urushi” va “kognitiv urush” kabi tushunchalar bilan chambarchas bogʻliq. Raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va sunʼiy intellektning rivojlanishi ommaviy ongga taʼsir oʻtkazish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Natijada axborot makoni ham toʻlaqonli jang maydoniga aylandi.
Psixologik urushning tarixiy rivojlanishi
“Psixologik urush” atamasi XX asrda keng qoʻllanila boshlagan esa-da, uning elementlari ancha avvaldan mavjud edi.
Masalan, Birinchi jahon urushi davrida dushman pozitsiyalariga samolyotlar orqali tashlangan targʻibot varaqalari keng qoʻllanilgan. Ularda askarlarni taslim boʻlishga chaqirish, ularning armiyasi ogʻir ahvolda ekani haqida xabarlar tarqatish va turli mish-mishlar yoyish maqsad qilingan.
Ikkinchi jahon urushi davrida esa psixologik operatsiyalar yanada keng koʻlamga chiqdi. Jumladan, raqib tilida efirga uzatiladigan radiodasturlar orqali askarlar ruhiyatiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilingan. Bunday dasturlar koʻpincha “doʻstona” uslubda, voqealarni xolis yoritish va tahlil qilish niqobi ostida yuritilgan boʻlsa-da, asta-sekin raqib davlat hukumat siyosatiga nisbatan shubha uygʻotishga qaratilgan edi.
Televideniyening paydo boʻlishi psixologik taʼsir imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Biroq haqiqiy burilish internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan yuz berdi. Bugun axborot bir necha soniya ichida butun dunyoga tarqalishi mumkin, uning manbasini tekshirish har doim ham oson emas. Bu holat dezinformatsiya kampaniyalari uchun qulay sharoit yaratdi.
Zamonaviy psixologik urush vositalari
Bugungi kunda psixologik operatsiyalar siyosiy targʻibot, kibertexnologiyalar va axborot oqimlarini manipulyatsiya qilish usullarini uygʻunlashtirgan holda amalga oshiriladi.
Eng keng tarqalgan usullardan biri dezinformatsiya va axborot kampaniyalaridir. Bunda yolgʻon yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar tarqatiladi. Uning bir usuli “yolgʻon axborot quvuri” deb ataladigan strategiyadir. Mazkur usulning mohiyati – juda koʻp miqdordagi, hatto bir-biriga zid xabarlarni turli kanallar orqali tarqatishdan iborat. Bu esa auditoriyani chalgʻitadi va axborot manbalariga boʻlgan ishonchni susaytiradi.
Targʻibot – propagandada maqsad va auditoriyadan kelib chiqqan holda uch xil maʼlumot tarqatiladi. Ular shartli ravishda qora, kulrang va oq ranglarga ajratiladi.
Masalan, bir tasnifga koʻra, Oq propaganda deb – axborot rasmiy manba tomonidan bevosita taqdim etiladigan holatga aytiladi. Kulrang propaganda tarqitalganida axborotda aniq manba koʻrsatilmaydi. Qora propaganda – axborotning haqiqiy manbasi yashiriladi yoki boshqa manba nomidan taqdim etiladigan holat hisoblanadi.
Boshqa bir tasnifga koʻra, oq propagandada xolis maʼlumot tarqatiladi. Kulrang maʼlumotda esa xolis maʼlumotga raqibga zarba beruvchi biroz yolgʻon qoʻshiladi. Qora maʼlumot esa batamom yolgʻon va salbiy maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar
Zamonaviy psixologik urushda Telegram, X (Twitter) va Facebook kabi platformalar muhim rol oʻynaydi. Bu tarmoqlar orqali axborot millionlab foydalanuvchilarga juda tez tarqaladi.
Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan akkauntlar – botlar ham keng qoʻllaniladi. Ular muayyan gʻoyalarni ommaviy qoʻllab-quvvatlanayotgandek koʻrsatish yoki propagandani keng tarqatish uchun xizmat qiladi.
Memetik urush
Hozirgi davrda keng qoʻllanilayotgan va hayotga tatbiq etilayotgan yangi hodisalardan biri – memetik urushdir. Bunda internet-memlar raqibni masxara qilish, siyosiy gʻoyalarni tarqatish va auditoriyaga emotsional taʼsir koʻrsatish vositasiga aylanadi. Ular oddiy va tez tarqaluvchi boʻlgani sababli qisqa vaqt ichida katta auditoriyani qamrab olishi mumkin. Bu kabi maʼlumotlar raqib xalqini hukumatdan bezdirish, nafratini oshirish va hukumat obroʻsi va legitimligini pasaytirishni maqsad qiladi.
Rossiya-Ukraina urushi
XXI asrdagi psixologik urushning eng yorqin misollaridan biri – Rossiya Ukraina urushidir. Bu mojaroda har ikki tomon axborot kampaniyalaridan faol foydalanmoqda.
Rossiya tomonidan amalga oshirilgan ayrim axborot operatsiyalari Ukraina rahbariyatini diskreditatsiya qilish – obroʻsini toʻkish va Gʻarb davlatlarining qoʻllab-quvvatlashini susaytirishga qaratilgan materiallarni tarqatishni oʻz ichiga olgan.
Ukraina esa media orqali harbiy muvaffaqiyatlarini namoyish etishga katta eʼtibor qaratmoqda. Dronlar zarbalari yozilgan videolar, ozod qilingan shaharlardan kadrlar va harbiylarning murojaatlari jamiyat ruhiyatini koʻtarish va xalqaro qoʻllab-quvvatlashni saqlab qolishga xizmat qilmoqda. Shu tariqa axborot makoni mojaroning muhim frontlaridan biriga aylandi.
Isroil – HAMAS mojarosi
Isroil va HAMAS oʻrtasidagi toʻqnashuvlarda ham psixologik taʼsir katta ahamiyatga ega.
HAMAS turli videolar va materiallarni tarqatish orqali emotsional taʼsir oʻtkazishga harakat qiladi. Bu materiallar koʻpincha jamoatchilikda kuchli his-tuygʻular uygʻotishga qaratilgan. Xususan, odamlarning diniy va milliy tuygʻulariga taʼsir qilish, rahmdillik tuygʻusini kuchaytirishga eʼtibor qaratiladi. Isroil armiyasi zarbalari oqibatida oʻlgan bolalar, vayron qilingan masjid va cherkovlar qiynalayotgan odamlar va boshqa tasvir-maʼlumotlar shular jumlasidandir.
Isroil esa axborot kampaniyalari orqali oʻz harbiy harakatlarining maqsad va vositalarini “toʻgʻri” tushuntirish va xalqaro qoʻllab-quvvatlashni saqlab qolishga intiladi. Global media sharoitida xalqaro jamoatchilik fikri uchun kurash muhim strategik vazifaga aylangan.
Taʼkidlash lozim, avval mediamakonda Isroil va uning tarafdorlari yakka hokim edi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarning paydo boʻlishi axborot olish kanallari va manabalarini koʻpaytirdi, axborot tarqalishi tezligiga ijobiy taʼsir qildi. Natijada Isroilga ishonch pasaydi va hatto nafratga aylandi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyatning munosabati faqat Isroilning qilmishlarini oqlash va Falastin genotsidiga koʻz yumishdan iborat emas.
Suriyadagi fuqarolik urushi
Suriya fuqarolik urushi ijtimoiy tarmoqlar katta rol oʻynagan dastlabki mojarolardan biri hisoblanadi.
Mojaro ishtirokchilari janglar videolarini tarqatish, raqiblarni harbiy jinoyatlarda ayblash va xalqaro hamjamiyat qoʻllab-quvvatlashini jalb qilishga urinishgan. Shu tariqa ijtimoiy tarmoqlar propaganda va axborot kurashining muhim maydoniga aylandi.
Masalan, Suriya hukumatining oʻz xalqi manfaatlari emas, balki oʻz homiylari boʻlmish Eron va Rossiyaning manfaatlarini koʻzlab harakat qilgani, sunniy suriyaliklarni qirish uchun kimyoviy va kasset bombalardan foydalangani, Bashar Asad va uning qarindoshlari Suriya boyliklarini noqonuniy ravishda oʻzlashtirayotgani haqidagi haqqoniy maʼlumotlar yaxshi samara berdi. Afsuski, Rossiya axborot hududiga qaram boʻlgan hududlar, jumladan, Markaziy Osiyo aholisi orasida Bashar Asad rejimiga xayrixohlik saqlanib turdi. Bu ham Rossiya propagandasining psixologik urushda Markaziy Osiyo aholisi ongiga taʼsir qila olganiga misol boʻla oladi.
Erondagi mojaro
Maʼlumki, Yaqin Sharqdagi buzgʻunchiliklarda va millionlab sunniy musulmonlarning ommaviy oʻldirilishi hamda jon saqlash uchun xorijga qochib ketishida bevosita marhum Oyatullo Homanaiyning roli katta boʻlgan. Uning shafqatsiz va murosasiz pozitsiyasi koʻplab xalqlar boshiga kulfat solib, korrupsiyalashgan va yovuz diktator Bashar Asad rejimini saqlab qolgan. Biroq shunga qaramasdan, keng koʻlamli Eron va Rossiya propagandasi natijasida Markaziy Osiyo mintaqasi aholisi hamon Oyatulloni beozor va muloyim “avliyo”, dunyo musulmonlari rahnamosi deb oʻylaydi. U vafot etganida propaganda taʼsiridagi koʻplab insonlar unga chin dildan qaygʻurdi, AQSh va Isroilga laʼnat oʻqidi.
Sababi, propaganda taʼsirida real vaziyat va xolis axborotlarga ham eʼtibgor pasayadi. Masalan, Markaziy Osiyo uchun muhim strategik hamkorlar – Ozarbayjon va Turkiyada Eron hududidan dron va ballistik raketa zarbalari berilganida, ayrim guruhlar bunga ishonmadi, ularni Isroil provokatsiyasi deb atadi. Xavfli jihati shundaki, bu propaganda oqibatida mahalliy hukumatlarga ishonch hamda vatanparvarlik tuygʻulariga ham zarar yetmoqda. Masalan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlarining muvozanatlashgan diplomatik siyosatiga qaramasdan, mavjud vaziyat yuzasidan munosabati va qarorlari ayrim guruhlar tomonidan shubha hamda gʻazab bilan qarshi olinmoqda.
Lekin faktlarga tik boqish fazilat. Ushbu propaganda taʼsiri ostidagi odamlar Eron uchun qaygʻurgani yaxshidir, lekin oʻz xalqini oʻylamaydigan, yanvar namoyishlarida 20 mingdan ziyod aholisini otib tashlagan Eron ushbu propaganda qurbonlari uchun qaygʻurmasligi aniq.
Nega Eron dunyoda eng koʻp neft zaxiralari va boylikka ega boʻlsa-da, aholisi oyiga oʻrtacha 50 dollar maoshga yashaydi, shuncha pullar qayoqqa ketyapti, degan savol ham oʻrinli. Eron xalqi farovon va ozod yashashi uchun emas, Oyatullo rejimini taxtda saqlab qolish uchun kurashayotgani, qurollanishga zoʻr berayotganiga ham koʻz yummaslik kerak.
Terrorchi tashkilotlarning media strategiyasi
Terroristik tashkilotlar ham psixologik taʼsir usullaridan foydalanadi. Bunga eng mashhur misollardan biri – Islomiy davlat tashkilotidir.
Bu guruh internet orqali propagandistik videolar va materiallarni tarqatish uchun maxsus media tarmoqlar yaratgan edi. Ularning maqsadi yangi tarafdorlarni jalb qilish bilan birga, butun dunyoda qoʻrquv muhitini shakllantirishdan iborat boʻlgan.
Psixologik urushning taʼsiri
Psixologik operatsiyalar mojarolarning borishiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Masalan, psixologik urushning armiyaga taʼsiri kuchli boʻlsa, qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan, raqib armiyasini ruhan zaiflashtirish uning jangovar qobiliyatini pasaytiradi, qoʻrquv va tartibsizlik keltirib chiqaradi. Tarix shuni koʻrsatadiki, koʻp hollarda harbiy gʻalaba faqat qurol-yarogʻga emas, balki armiya ruhiyatiga ham bogʻliq.
Psixologik urush aholiga taʼsir qilsa, dezinformatsiya va targʻibot aholi oʻrtasida qoʻrquv, ishonchsizlik va siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa ichki ijtimoiy ziddiyatlarni kuchaytirishi ehtimolini oshiradi.
Masalan, oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy Osiyo xalqlarini gij-gijlash, separatistik ogʻu urugʻini qadash, xalqlar oʻrtasiga nizo solishga urinishlar koʻpaydi. Shuningdek, biror davlatning muvaffaqiyatlari haqida yozilsa, albatta, negativ fikr bildiradigan botlar paydo boʻlib, bu yutuqlarni qadrsizlantirishga, hukumatga ishonchni kamaytirishga urinmoqda. Bu esa ayrim dushmanlarimizning “boʻlib tashlab, hukmronlik qil” strategiyasiga muvofiq psixologik urush yuritayotganidan darak beradi.
Aytaylik, Oʻzbekistonning fazoga sunʼiy yoʻldosh chiqarishi va ilk oʻzbek kosmonavtini tayyorlash borasidagi rejalari parda ortidagi raqiblarimizning alamini keltirgan koʻrinadi. Oʻzbek foydalanuvchilari niqobidagi botlar “Hamma muammolar hal boʻldiyu, endi fazoga chiqamizmi?” qabilida fikrlar qoldirgan boʻlsa, beshinchi kolonna yoki rossiyaparast kuchlar “palov, nosvoy va choyxona” stereotiplaridan samarali foydalandi: “palov kuchi bilan osmonga chiqib, nosvoy chekib kelsizlarmi; Oyga chiqib choyxona ochasizlarmi; oʻzbeklarning qoʻlidan osh pishirish va yeyishdan boshqa narsa kelmaydi – fazoga chiqishga yoʻl boʻlsin: ruslarsiz oʻzbeklar fazo tugul toqqa ham chiqa olmaydi, hatto AESni ruslar qurib beryapti-ku”, qabilidagi masxaraomuz munosabatlar koʻpaydi.
Yoki boʻlmasa, Falastindagi genotsid chogʻida “nega Oʻzbekiston hukumati falastinliklarga yordam bermaydi?” deb dod-voy solgan qatlamlar, Oʻzbekiston Gʻazoni tiklash uchun tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ga aʼzo boʻlganida hamda Gʻazoda qurilish va bunyodkorlik ishlari uchun tayyorligini eʼloni qilganida boshqacha “sayray” boshladi: “oʻzimizda muammo kammi, nega Gʻazoga yordam berishimiz kerak?” degan izohlar koʻpaydi. Demakki, psixologik urush samara bermoqda, mintaqa, xususan, Oʻzbekistonga mafkuraviy va maʼnaviy taʼsir kuchaymoqda. Zero, psixologik urushni yuritayotganlar va ularning qurbonlari uchun vatan manfaati mavjud emas, ular oʻzlari bilib yoki bilmagan holda ana shu psixologik urushdan manfaatdor kuchlarga xizmat qiladi.
Xalqaro maydondagi taʼsirga kelsak, axborot kampaniyalari xalqaro jamoatchilik fikriga ham taʼsir koʻrsatadi. Bu esa sanksiyalar, diplomatik qarorlar va ittifoqchilarning pozitsiyasiga taʼsir qilishi mumkin.
Masalan, maʼlumotlarga koʻra, Eron hukumati mintaqada muntazam notinchlik va sunniy arab davlatlariga nisbatan nodoʻstona munosabatda boʻlib kelgan. Lekin 28 fevralda AQSh-Isroil koalitsiyasi Eronga zarbalar bera boshlagach, Oyatullo rejimi musulmonlarning diniy tuygʻulariga eʼtibor qarata boshladi. Eron hukumati bu urushni butun musulmon dunyosiga qarshi urush sifatida koʻrsatishga urinmoqda. Shuningdek, AQSh va Isroil hukumatlari obroʻsini toʻkadigan xolis yoki dezinformatsion axborotlarni tarqatishga kuch bermoqda. Kiberhujumlar ham bunga katta yordam beryapti.
Psixologik urushning kelajagi bormi?
Kelgusi yillarda psixologik urush yanada texnologik tus olishi kutilyapti. Sunʼiy intellekt texnologiyalari realga oʻxshash yolgʻon materiallarni yaratish imkoniyatini beradi.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt yordamida olingan dipfeyk videolar katta xavf tugʻdirmoqda. Bunday videolar siyosatchilar yoki harbiy qoʻmondonlar nomidan soxta murojaatlar tayyorlash imkonini beradi. Bu esa jiddiy siyosiy inqirozlarga yoki aholi orasida vahimaga sabab boʻlishi mumkin.
Masalan, yaqinda Eron tomoni AQSh harbiy aviatashuvchisiga raketa yordamida zarba berib, portlatgani aks etgan video tarqaldi. Biroq keyinchalik uning feyk video ekani aniqlandi.
Bundan tashqari, katta maʼlumotlar tahlili muayyan auditoriya guruhlarini aniqlab, ularga maqsadli axborot taʼsirini yoʻnaltirish imkonini beradi. Shu sababli psixologik urush gibrid mojarolarning ajralmas qismiga aylanishi kuzatilyapti.
Xulosa
Psixologik urush zamonaviy mojarolarning muhim elementiga aylandi. Bugungi global axborot makonida kurash nafaqat hududlar uchun, balki odamlar ongi uchun ham olib borilmoqda.
Tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, jamiyat va armiya ruhiyati urush natijasiga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli texnologiyalar sharoitida psixologik operatsiyalar yanada kuchli taʼsir vositasiga aylanmoqda.
Shu bois koʻplab tahlilchilar XXI asrda mojarolarda gʻalaba faqat harbiy kuchga emas, balki axborot makonini nazorat qilish va jamoatchilik fikrini shakllantirish qobiliyatiga ham bogʻliq deb hisoblaydi. Psixologik urush esa global raqobatning yangi frontiga aylanib boryapti.
Abulfayz Sayidasqarov
