Prezident Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini belgilab berdi
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi.

Prezident Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish boʻyicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi. Odamlar kayfiyatiga taʼsir qilayotgan masalalar boʻyicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli masalalar boʻyicha takliflarni Hukumatga kiritadi.
Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Koʻtarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.
Xalq qabulxonalariga murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish vakolati beriladi.
Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash boʻyicha davlat idoralari reytingini yoʻlga qoʻyish va har olti oyda eʼlon qilib borish topshirildi.
Bosh prokurorning komplayens boʻyicha oʻrinbosari oldiga bu boradagi barcha topshiriqlar ijrosini qatʼiy nazoratga olish vazifasi qoʻyildi.
Murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga koʻrib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora koʻriladi.
Murojaatlar bilan ishlashda “mahalla yettiligi”ning masʼuliyati oshiriladi.
Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi. Uni yuritishga yoshlar yetakchisi bilan mahalla raisi masʼul boʻladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini oʻrganib, kunlik maʼlumotlarni hokimlarga taqdim qilib boradi.
Mutasaddilarga “Raqamli mahalla” tizimini Prezident Virtual qabulxonasiga toʻliq integratsiya qilish topshirildi.
Bundan buyon murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga koʻrib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora koʻrilishi belgilandi.
Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo ham kuchaytiriladi.
