Namangan va Surxondaryoda energetika xodimlari ushlandi
Kosonsoy tumani elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi tadbirkordan 17 mln soʻm olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Elektr va gaz taʼminoti xodimlarining qilmishlari fosh boʻldi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Namangan va Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida korrupsion holatlarga chek qoʻyildi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumani elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi oʻz xizmat mavqeilaridan foydalangan holda tadbirkorning ishonchiga kirishgan. U tomonidan oʻziga tegishli MChJ binosiga oʻrnatilgan, quvvati 50 kVt.li quyosh paneli va boshqa bajarilgan ishlar uchun texnik shart hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 17 mln soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Uzuntumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimi 1977 y.t. fuqaroga tegishli gaz hisoblagichning nosozligi tufayli yuzaga kelgan 23 mln soʻm miqdoridagi qarzdorligini soʻndirib berish va tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 5 mln soʻm pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Shuningdek, ushbu gʻayriqonuniy ishga uning 1988 y.t. hamkasbi ham aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kadastr agentligi boʻlim inspektori qoʻlga olingandi.
U fuqarodan yashash xonadoni kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va ushbu hujjatlarni muddatidan oldin tayyorlab berish evaziga 1500 AQSh dollari talab qiladi.
