Murojaatlarga yuzaki javob berayotgan vazirliklar sanab oʻtildi
Oliy taʼlim vazirligi yoʻllangan murojaatlarning 64 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yechim berish oʻrniga yuzaki javob qaytargan.

Prezident murojaatlarga yuzaki javob berayotgan vazirliklarni tanqid qildi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yechim berish oʻrniga yuzaki javob berish bilan cheklangani, umuman, bunday misollar barcha vazirliklarda borligi qayd etildi.
Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib, 60-65 foizga tushdi.
“Bugun odamlarning dunyoqarashi oʻzgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal koʻryapti. Lekin muammosi hal boʻlmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan soʻrayapti. Endi bu tizim oʻzgaradi. Hokimlar arizada koʻtarilgan masalani hal qilishning oʻzi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz boʻlishi belgilandi.
Avvalroq ichki ishlar xodimlari qoʻpol muomalasidan shikoyat koʻpaygani maʼlum qilingandi.
