Buzuq koʻprikni qayta tiklash haqidagi murojaat Prezidentgacha yetib bordi
Davlat rahbari bu masalaga ikki oy davomida birorta masʼul eʼtibor qaratmagani, murojaatga yuzaki javob berganini tanqid qildi.

Bir fuqaro yanvar oyida maktab oʻquvchisi Sergelidan oqib oʻtadigan "Junariq" kanaliga tushib ketganini aytib, buzilgan koʻprikni qayta tiklashni soʻragan. Bu masalaga ikki oy davomida birorta masʼul eʼtibor qaratmagan, murojaatga yuzaki javob berilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur masalaga eʼtibor qaratib, holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablagʻ ham topilgani, koʻprik ham qurilgani aytdi.
"Murojaatlar bilan ishlashdagi bunday kamchiliklar odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazmoqda", dedi davlat rahbari.
Maʼlumot uchun, Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryoda rahbarlarning oʻzi murojaatlar bilan shugʻullangani uchun hududidagi murojaatlar 25-30 foizga kamaygan, aholi koʻtargan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal boʻlgan.
Lekin qolgan hokimlar va ayrim vazirlar hali bu borada keskin oʻzgarish qilmagan. Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan koʻpi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar koʻpaygan.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro byurosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sogʻliqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli.
