platina.uz
Jamiyat

Yil boshidan buyon aholidan 255 dona oʻqotar qurol rasmiylashtirib olindi

Bundan tashqari 2841 dona patron, 57 dona qurolning asosiy qismlari, 485,7 gramm portlovchi modda aniqlangan. 

Yil boshidan buyon aholidan 255 dona oʻqotar qurol rasmiylashtirib olindi

Yil boshidan buyon aholidan 255 dona oʻqotar qurol rasmiylashtirib olindi.

Oʻqotar qurollarning muomalasini nazorat qilishga ixtisoslashgan tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan qator amaliy ishlar bajarilib kelinmoqda.

Xususan, Agentlik boshchiligida tashkil etilgan idoralararo ishchi guruh tomonidan qurollar muomalasi, ularning hisobini yuritish va nazorat qilish tizimlarini oʻrganishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu jarayonda bir qator vazirlik va idoralar hamda tegishli obʼektlar faoliyati atroflicha oʻrganilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, birinchi bosqichda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi qator yoʻnalishlar faoliyati tahlil etildi.

Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning boshidan jami 487 ta holat aniqlangan. Shundan 227 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlab olingan, 260 tasi esa fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan. Oʻtkazilgan tadbirlar davomida quyidagi ashyolar aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi: 255 dona turli xil oʻqotar qurol, 2841 dona patron, 57 dona qurolning asosiy qismlari, 485,7 gramm portlovchi modda.

Olib borilgan oʻrganishlar davomida Huquqiy statistika bosh markazida oʻqotar qurollarga doir hisobotlarni shakllantirish va yuritish tartibi, shuningdek, mazkur yoʻnalishda foydalanilayotgan axborot bazalari imkoniyatlari tahlil etildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, qurollar muomalasiga oid maʼlumotlarni yagona raqamli tizim orqali yuritish va turli idoralar axborot bazalarini oʻzaro integratsiya qilish nazorat samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Ekspert-kriminalistika bosh markazida oʻqotar qurollarni ballistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi, Davlat oʻq-gilzotekasini yuritish hamda avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimining imkoniyatlari tahlil qilindi.

Ballistik maʼlumotlar bazasini doimiy ravishda boyitib borish jinoyatlarni tezkor fosh etish va qurollarni identifikatsiya qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati nazorat-litsenziyalash faoliyati boʻlimida esa qurollar muomalasini litsenziyalash va ruxsatnoma berish amaliyoti, fuqaroviy va xizmat qurollari muomalasi ustidan amalga oshirilayotgan nazorat tizimi oʻrganildi. Mutaxassislar fikricha, litsenziyalash jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish hamda elektron xizmatlar ulushini oshirish fuqarolarga qulaylik yaratish bilan birga nazorat tizimining shaffofligini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, ishchi guruh poytaxt hududida joylashgan qurol va oʻq-dorilar savdosiga ixtisoslashgan doʻkonlar faoliyatini ham oʻrgandi. Unda mahsulotlar hisobini yuritish tartibi, saqlash sharoitlari hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holati tahlil qilindi. Mazkur sohada mahsulotlar hisobini elektron tarzda yuritish va savdo jarayonlarini raqamli monitoring qilish tizimlarini joriy etish nazorat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oʻrganishlar natijalari sohadagi mavjud tizimlarni yanada takomillashtirish, davlat organlari oʻrtasida axborot almashinuvini kuchaytirish hamda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini koʻrsatdi. Shu munosabat bilan qurollar muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid