Toshkentda yoʻl oʻtkazgich devori oʻpirilib tushdi
Jabrlanganlar qayd etilmagan. Poytaxt hokimligi qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, masʼul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini bildirdi.

Toshkentda Temur Malik va Buyuk Ipak yoʻli koʻchalari kesishmasi atrofidagi tunnel yoʻlida tirgak devorning bir qismi oʻpirilib tushdi.
Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va masʼul tashkilotlar vakillari yuborilgan.
Hodisa sodir boʻlgan hudud oʻrab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Toshkent shahar hokimligiga koʻra, hozirda kompleks texnik tekshiruv oʻtkazilmoqda.
"Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta. Dastlabki taxminlar qatorida soʻnggi kunlardagi kuchli yogʻingarchilik taʼsiri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar koʻrib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obʼektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda", deyiladi hokimlik bayonotida.
Texnik tekshiruv yakunlari boʻyicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, masʼul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari koʻriladi.
Tasdiqlangan maʼlumotlar kelib tushishiga qarab, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari rasmiy kanallar orqali qoʻshimcha tarzda xabardor qilib boriladi.
FVV maʼlumotiga koʻra, jabrlanganlar yoʻq.
