Oʻzbekistonda 1 GVt’li uzluksiz “yashil” energiya loyihasi amalga oshiriladi
Mazkur masala yuzasidan BAAning Masdar kompaniyasi bilan memorandum imzolangan. Loyiha taxminan 1 mlngacha xonadonni ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlashi mumkin.

Oʻzbekistonda 1 GVt’li uzluksiz “yashil” energiya loyihasi rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi trendlarni ham belgilab berish yoʻlidan ketmoqda.
BAAning Masdar kompaniyasi 2026 yil yanvar oyida Oʻzbekistonda 1 GVt quvvatga ega uzluksiz (24/7) toza energiya loyihasini oʻrganish boʻyicha memorandum imzolagan. Amirliklar tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al Mazruiy va Masdar bosh direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy ishtirok etdi. Ushbu tashabbus nafaqat qayta tiklanadigan energiya taʼminotining beqarorligi muammosini hal qilishi, balki global miqyosda shunga oʻxshash texnologik yechimlarni joriy etish uchun namuna boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha oʻzining oʻzaro toʻldiruvchi (komplimentar) tuzilishi bilan anʼanaviy stansiyalardan tubdan farq qiladi va ikki asosiy boʻgʻinni qamrab oladi: yuqori samaradorlikka ega quyosh panellari orqali energiya ishlab chiqarish (generatsiya); energiyani zaxiralovchi yuqori quvvatli batareyalar majmuasi (akkumulyatsiya).
Bunday texnologik yechim kunduzi toʻplangan energiyani tungi vaqtda ham tarmoqqa uzluksiz uzatish imkonini beradi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 1 GVt quvvat taxminan 1 milliongacha xonadonni ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniga ega. Bu koʻrsatkich aholining energiyaga boʻlgan talabini qondirish bilan bir qatorda, anʼanaviy yoqilgʻi resurslarini tejash va atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.
Soha ekspertlarining taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning ushbu tajribasi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini umumiy tarmoqqa integratsiya qilishda global andozaga aylanishi mumkin. Agar “Round-the-clock” modeli amaliyotda oʻz samarasini koʻrsatsa, bu energiya tanqisligiga barham berish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda boshqa davlatlar uchun muhim namuna boʻladi.
Masdar (Abu Dhabi Future Energy Company) butun eko-shaharlarni qurishda tajribali hisoblanadi: uning Abu Dabidagi Masdar city nomli flagman loyihasi dunyodagi eng barqaror shaharlardan biri boʻlish uchun moʻljallangan boʻlib, u ichki yonuv dvigatelli transport vositalaridan butunlay xoli va toʻliq qayta tiklanadigan energiya bilan ishlaydi.
