platina.uz
Iqtisod

Dunyo va Oʻzbekistonda narxi oshib borayotgan benzin

Eron Hormuz boʻgʻozi orqali urushdan avvalgi davrdan-da koʻra koʻproq neft eksport qilmoqda. Bu esa Eron ushbu boʻgʻozni oʻz nazoratiga olgani va monopol mavqeni egallaganini anglatadi.

Dunyo va Oʻzbekistonda narxi oshib borayotgan benzin
Fotokollaj: Platina.uz

Soʻnggi yillarda benzin narxining oshishi dunyodagi koʻplab davlatlarda eng koʻp muhokama qilinayotgan iqtisodiy muammolardan biriga aylandi. Yoqilgʻi strategik resurs hisoblanadi: uning narxi transport, sanoat, qishloq xoʻjaligi faoliyatiga va natijada aholining turmush darajasiga bevosita taʼsir qiladi.

2024-2026 yillardan boshlab jahon iqtisodiyoti neft mahsulotlari narxining yana bir oʻsish toʻlqiniga duch kelmoqda. Bu holatning sabablari ham global geosiyosiy omillar, ham ayrim davlatlarning ichki iqtisodiy siyosati bilan bogʻliq. Ayniqsa, yoqilgʻi importiga bogʻliq davlatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda bu muammo yanada sezilarli namoyon boʻlmoqda.

Jahon benzin bozoridagi umumiy vaziyat

Benzin narxi toʻgʻridan-toʻgʻri xom neft narxiga bogʻliq. Odatda benzinning yakuniy narxida neft qiymati taxminan yarmini tashkil etadi, qolgan qismi esa qayta ishlash, tashish, soliqlar va kompaniyalar foydasidan shakllanadi.

Soʻnggi yillarda neft bozorida sezilarli beqarorlik kuzatilmoqda. 2026 yil boshida Brent markali neft narxi bir barrel uchun qariyb 100 dollarga yaqinlashdi. Bu, asosan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi bilan bogʻliq.

Neft narxining oʻsishiga sabab boʻlgan muhim omillardan biri – neft tashishdagi xavf-xatarlarning kuchayishidir. Masalan, dunyo neftining taxminan 20 foizi oʻtadigan Hormuz boʻgʻozidagi xavf-xatarlar jahon bozorlarida narxlarning keskin reaksiyasiga sabab boʻladi.

Bozorni barqarorlashtirish maqsadida Xalqaro energetika agentligi strategik zaxiralardan yuzlab million barrel neft chiqarish taklifini ham ilgari surgan. Biroq mutaxassislar bunday choralar faqat qisqa muddatli taʼsir koʻrsatishini taʼkidlaydilar.

Geosiyosiy omillar

Tarix shuni koʻrsatadiki, siyosiy nizolar koʻpincha neft va benzin narxlari keskin oshishiga sabab boʻladi.

Bugungi kunda asosiy omillar quyidagilardan iborat:

Yaqin Sharqdagi mojarolar

Bu mintaqa dunyodagi eng yirik neft yetkazib beruvchi hududlardan biri hisoblanadi. Har qanday harbiy harakatlar yoki neft infratuzilmasiga tahdidlar jahon bozorida narxlarning oshishiga olib keladi.

Xususan, 28 fevralda Eron va AQSh-Isroil koalitsiyasi oʻrtasidagi raketa va dronlar urushi natijasida mintaqadagi koʻplab neft ishlab chiqarish, qayta ishlash va tashuv tizimlari ishdan chiqdi. Natijada neft narxi, demakki, benzin narxi ham tez surʼatlarda osha boshladi.

Ayniqsa, Eronning Hormuz boʻgʻozini bloklagani, 10 tacha suv minalari oʻrnatgani bois jahondagi neft va gaz tashuvining 20 foizi amalga oshiriladigan yoʻlakdan kemalar va tankerlar oʻta olmayapti. Eronning vaʼda berishicha, dunyo neftning 1 barreli 200 dollar boʻlishiga koʻnika boshlashi lozim.

Oyatullo rejimi hali-beri boʻgʻozni ochishni rejalashtirmayapti. Buning uchun mintaqa davlatlarining AQSh va Eron bazalari va diplomatlarini haydash kabi haqoratli va axmoqona talablar qoʻyilgan.

Oʻzini Islom respublikasi deb atasa-da, musulmon davlatlarini vayron qilayotgan (avvaldan vayron qilib kelgan) Eron rejimi bu safar ham boʻgʻozdan oʻtish uchun faqat 2 ta davlatga – islomofobiya va millatchilik kuchli boʻlgan Rossiya va Hindistonga oʻtish uchun ruxsat berdi.

Wall Street Journal nashrining maʼlum qilishicha, bu mojaro bois Eron Hormuz boʻgʻozi orqali urushdan avvalgi davrdan-da koʻra koʻproq neft eksport qilmoqda. Bu esa Eron ushbu boʻgʻozni oʻz nazoratiga olgani va monopol mavqeni egallaganini anglatadi.

Xalqaro sanksiyalar

Qolaversa, yaqinda Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlamaslik haqida qaror qildi. Rossiyaning soya flotiga qarshi “ov” ham bekor qilingani yoʻq. Neft eksport qiluvchi davlatlarga nisbatan qoʻllaniladigan iqtisodiy sanksiyalar va boshqa jihatlar ham bozordagi taklifni pasaytirib, talab ortishiga va pirovardida energoresurslar narxining ortishiga sabab boʻladi. Shuningdek, neft tankerlariga hujumlar yoki muhim dengiz yoʻllarining yopilishi global energetik inqirozga sabab boʻlishi tabiiy.

Iqtisodiy sabablar

Benzin narxiga faqat siyosiy emas, balki iqtisodiy omillar ham katta taʼsir koʻrsatadi. Jahon iqtisodiyotining rivojlanishi energiya isteʼmolining ortishiga olib keladi. Avtomobillar sonining koʻpayishi, aviatsiya va logistika tarmoqlarining rivojlanishi yoqilgʻiga boʻlgan talabni oshiradi.

Energiya narxining oshishi esa inflyatsiyani kuchaytiradi, chunki yoqilgʻi deyarli barcha ishlab chiqarish jarayonlarida ishlatiladi.

Shu bilan birga, neft import qiluvchi davlatlar uchun milliy valyutaning qadrsizlanishi yoqilgʻi narxining yanada oshishiga sabab boʻladi.

Energetika siyosati va neft bozori

Benzin narxi neft ishlab chiqaruvchi davlatlar siyosatiga ham bogʻliq.

Yirik eksportyor davlatlar neft qazib chiqarish hajmini kamaytirsa, bozorda taklif qisqaradi va bu narxlarning oʻsishiga olib keladi.

Biroq uzoq muddatli istiqbolda energetika bozoridagi oʻzgarishlar muqobil energiya manbalarining rivojlanishi va elektromobillar sonining ortishi bilan bogʻliq.

Yevropa davlatlarida millionlab elektromobillardan foydalanilmoqda. Bu esa iqtisodiyotning neftga boʻlgan qaramligini asta-sekin kamaytirmoqda.

Shunga qaramasdan, yaqin oʻn yilliklarda benzindan toʻliq voz kechish imkoni hali mavjud emas.

Davlatlar tomonidan koʻrilayotgan choralar

Benzin narxini nazorat qilish uchun davlatlar turli iqtisodiy mexanizmlardan foydalanadilar.

Eng keng tarqalgan choralar sifatida yoqilgʻi subsidiyalari, benzinga soliqlarni kamaytirish, strategik neft zaxiralaridan foydalanish, ichki bozorda narxlarni tartibga solish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish kabi choralarni sanash mumkin. Lekin bunday choralar hamisha ham uzoq muddatli yechim boʻla olmaydi. Masalan, subsidiyalar aholiga yordam beradi, lekin davlat byudjetiga katta yuk boʻlib tushadi.

Oʻzbekistonda benzin bozori

Oʻzbekistonda benzin narxining oshishi ham tashqi, ham ichki omillar bilan bogʻliq.

Soʻnggi yillarda yoqilgʻi narxi sezilarli darajada oʻsdi. Masalan, ayrim avtozapravkalarda AI-80 benzini narxi 9100 soʻmgacha yetdi.

Birja savdolarida esa benzin narxi tarixiy yuqori darajalarga – tonnasi uchun 10 million soʻmdan ortiq koʻrsatkichlargacha yetgan holatlar kuzatildi.

Buning sabablari yuqorida zikr etilgan omillardan tashqari, ishlab chiqarish hajmiga ham bogʻliq. Zero, soʻnggi yillarda mamlakatda neft qazib chiqarish va benzin ishlab chiqarish hajmlari maʼlum darajada kamaydi. Bu esa importga boʻlgan ehtiyojni oshirdi. Qolavresa, yoqilgʻi narxlariga qoʻyilgan cheklovlarning bosqichma-bosqich bekor qilinishi bozor narxlarining oʻsishiga olib keldi.

Importga qaramlik

Ayrim hollarda yoqilgʻi import qilish zarurati tugʻiladi. Xalqaro bozordagi oʻzgarishlar ichki narxlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Umuman, benzin narxining oshishi iqtisodiyotning deyarli barcha sohalariga taʼsir koʻrsatadi.

Yoqilgʻi qimmatlashishi transport xizmatlari narxining oshishiga sabab boʻladi. Transport xarajatlari mahsulot tannarxining bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun benzin narxi oshishi boshqa tovarlar narxiga ham taʼsir qiladi. Energiya resurslarining qimmatlashishi inflyatsiyaning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Muammoni hal qilish yoʻllari

Yoqilgʻi narxlarini barqarorlashtirish uchun kompleks chora-tadbirlar zarur.

Avvalo, milliy neft qayta ishlash sanoatini rivojlantirish lozim. Bu qadam ichki ishlab chiqarishni koʻpaytirish va importga bogʻliqlikni kamaytiradi.

Shuningdek, yoqilgʻi taʼminotini diversifikatsiya qilish talab etiladi. Bu boʻyicha turli davlatlar bilan hamkorlik qilish taʼminot xavflarini kamaytiradi.

Muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga urinishlarni ham kengaytirgan maʼqul. Elektromobillar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari benzinga boʻlgan talabni kamaytirishi mumkin.

Va albatta tejamkorlikni, ayniqsa energiya samaradorligini oshirish choralarini faromush qilmaslik lozim. Jumladan, jamoat transportini rivojlantirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish yoqilgʻi isteʼmolini kamaytiradi.

Xulosa

Benzin narxining oshishi – global va milliy omillar oʻzaro taʼsiri natijasida yuzaga keladigan murakkab iqtisodiy jarayondir.

Geosiyosiy mojarolar, neft bozoridagi oʻzgarishlar, inflyatsiya va energetika sohasidagi islohotlar bu jarayonni yanada kuchaytiradi.

Oʻzbekiston uchun bu muammoni hal qilish uzoq muddatli strategiyani talab qiladi. Energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish, taʼminot manbalarini diversifikatsiya qilish va muqobil energiyani rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid