Xonanda Sardor Mamadaliyev javobgarlikka tortilishi mumkin
U “Koʻrmishim”, “Bandaman” hamda “Karvon” nomli musiqiy asarlarni ruxsatsiz ijro etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sardor Mamadaliyev tomonidan “Koʻrmishim”, “Bandaman” hamda “Karvon” nomli musiqiy asarlarning ijro etilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Adliya vazirligiga koʻra, ushbu asarlarning huquq egalarining roziligisiz ijro etilishi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga zid hisoblanadi.
Xususan, Qonunning 19-moddasiga muvofiq muallif asardan har qanday shaklda va usulda foydalanish, jumladan uni omma oldida ijro etish hamda jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish boʻyicha mutlaq huquqlarga ega.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar Qonunda nazarda tutilgan ayrim holatlardan tashqari, asarlardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanishlari mumkin.
Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qatʼi nazar, bu holat asardan foydalanish deb eʼtirof etiladi.
Eslatib oʻtamiz, Qonunning 62-moddasiga koʻra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlarni takrorlash, tarqatish yoki boshqa tarzda foydalanish mualliflik huquqlarining buzilishi hisoblanadi.
Shuningdek, qonunchilikka muvofiq mualliflik huquqlarini buzish fuqarolik, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi, deyiladi adliya xabarida.
