Ruhiy salomatlik milliy tibbiyot markazi tashkil etiladi
Mazkur markaz huzurida Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi Respublika bolalar ruhiy salomatlik markazi etib qayta tashkil etilishi belgilangan.

Ruhiy salomatlik milliy tibbiyot markazi tashkil etiladi.
2027 yil 1 yanvardan Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar psixiatriya xizmati boʻyicha filiali negizida Ruhiy salomatlik milliy tibbiyot markazi va uning 14 ta hududiy filiali tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.
Bu haqda “Aholiga narkologik va psixiatrik xizmat koʻrsatish tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasida aytiladi.
Shuningdek, loyihaga koʻra, mazkur markaz huzurida Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi Respublika bolalar ruhiy salomatlik markazi etib qayta tashkil etilishi belgilangan.
Bunda:
- ushbu muassasa bolalar psixiatriya xizmati boʻyicha bosh muassasa hisoblanadi hamda Toshkent shahridagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining tegishli kafedralariga asosiy klinik baza hisoblanadi;
- Respublika, shu jumladan, Toshkent shahri aholisiga xizmat koʻrsatadi.
- koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, shuningdek, maslahat-diagnostika boʻlimlarida kattalar psixiatri, bolalar psixonevrologi (bolalar psixiatri), narkolog, tibbiy psixolog va ularning hamshiralaridan iborat boʻlgan birlamchi ruhiy salomatlik boʻlinmalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi tugatilib, uning negizida Markaz klinikasi ochiladi.
Toshkent shahar ruhiy-asab kasalliklari dispanseri negizida esa Markazning Toshkent shahar filiali faliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Quyidagi muassasalar tugatiladi hamda Markazning Toshkent shahar filiali tarkibiy boʻlinmasi sifatida qayta tashkil etiladi:
- 2-sonli Toshkent shahar ruhiy-asab dispanseri;
- Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati boʻyicha Toshkent shahar filiali;
-Toshkent shahar narkologiya majburiy davolash shifoxonasi.
