Prezident loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish tizimi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi
Oʻtgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda koʻrib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta boʻlmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Joriy yilda mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma obʼektlari qurilishiga 24 trillion soʻm byudjet mablagʻlarini yoʻnaltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trillion soʻmdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Bunday katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ularni ekspertizadan oʻtkazish tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, amaldagi tartib mazkur talablarga toʻliq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda koʻrib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta boʻlmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.
Shu bois, Prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga oʻtkazildi va uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.
Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yoʻqligi uchun bitta xodimga toʻgʻri keladigan operatsion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda oʻrtacha bitta loyiha toʻgʻri kelmoqda.
Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik boʻlgan loyihalardan iborat. Shuningdek, koʻplab hujjatlar avval koʻrilgan loyihalarga oʻxshash boʻlsa ham, ular qaytadan toʻliq tartibda koʻrib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.
Taqdimotda markaz faoliyatiga ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi.
Xususan, loyihalarni koʻrib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi. Unga koʻra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazishda texnik topshiriqlar koʻrib chiqilmaydi, faqat 15 million dollardan yuqori qiymatdagi korporativ va byudjet loyihalari koʻrib chiqiladi.
Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan oʻtkazish, avvalgilariga oʻxshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda koʻrib chiqish, jismonan va maʼnan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazish, benchmarking usulini qoʻllash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy eʼtiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.
Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun ragʻbatlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Jumladan, loyihalar boʻyicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha boʻyicha bildirilgan eʼtirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, buyurtmachilarni ragʻbatlantirish, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi choralar taklif qilindi.
Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid maʼlumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik koʻrsatkichlari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihalar ekspertizasi investitsiya muhitining muhim boʻgʻini ekanini taʼkidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
