Qashqadaryoda infratuzilmani yaxshilash uchun 864 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi
Ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yoʻllar, suv taʼminoti yaxshilanadi. Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Dehqonobod va Qamashi tumanlaridagi kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Qashqadaryo oʻzining katta hududi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan sanoati, mehnatkash va tadbirkor xalqi bilan ulkan salohiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulotda 6,8 foiz, sanoatda 7,2 foiz, xizmatlar sohasida 13,6 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,3 foizlik oʻsish qayd etildi. 2017-2025 yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,2 barobar oʻsib, 26,9 million soʻmga yetdi. Ishsizlik va kambagʻallik darajasi tegishli ravishda 4,9 va 6,5 foizgacha tushdi.
2026 yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobidan sanoatda 8,6 foizlik oʻsishni taʼminlash, 3,5 milliard dollar investitsiya hisobiga 727 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgani qayd etildi. Natijada viloyat iqtisodiyoti 8,2 foizga, xizmatlar 15,9 foizga, qurilish 13,2 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,8 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Sanoatda 1,7 milliard dollarlik 195 ta loyihani ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish orqali tarmoqlarda yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Viloyatda qator yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi. Jumladan, mato, kiyim-kechak va gigiyenik vositalar, qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalari, elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari, fibrotsementli panellar va devor plitalarini ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi va Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasini tashkil etib, 2026-2027 yillarda ularda 1,1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 36 ta loyihani amalga oshirish va 6 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Yangi yondashuvlar asosida mahallalarni chuqur va oʻrta ixtisoslashtirish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish hisobiga kambagʻallikni qisqartirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Xususan, mahallalarda 820 milliard soʻmlik kreditlar, 52,3 milliard soʻmlik ssuda va subsidiyalar ajratish, oʻzini oʻzi band qilganlarni qoʻllab-quvvatlash orqali 48 mingta tadbirkorlik subʼekti tashkil etiladi, 31 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi.
Natijada 2026 yil yakuniga qadar ishsizlikni 3,2 foizga, kambagʻallikni 3 foizga tushirish, bunda Gʻuzor, Qamashi, Koʻkdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabogʻ tumanlarini kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.
Dunyoda goʻsht narxlari oshib borayotgan hozirgi sharoitda viloyatda chorvachilik va ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylov yerlaridan unumli foydalanish boʻyicha yangi tizim joriy etilayotgani taʼkidlandi.
Bunda 2030 yilgacha 200 ming gektar, shu jumladan, 2026 yilda 15 ming gektar yerni oʻzlashtirish, infratuzilma bilan taʼminlash orqali ozuqa ekinlari, kartoshka, sabzavot, dukkakli va moyli oʻsimliklar yetishtirish hajmlarini oshirish vazifasi qoʻyildi.
Joriy yilda gʻalla hosildorligini oʻrtacha 84,8 sentnerga, paxta hosildorligini 47,5 sentnerga, kartoshka hosildorligini 175 sentnergacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 48 ta gʻalla kombayni, 272 ta chigit ekish seyalkasini xarid qilish, suv tejovchi texnologiyalar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xoʻjaligida daromadni 20-35 foizga oshirish imkoni mavjudligi koʻrsatildi.
Suv taʼminoti Qashqadaryo uchun eng ogʻir masalalardan ekani qayd etildi.
Ekinlarning katta qismi nasos orqali sugʻorilishi sharoitida 2026 yilda 320 kilometr magistral va 3,3 ming kilometr ichki kanallarni betonlash, 70,6 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, 27,4 ming gektarda lazerli tekislash ishlarini amalga oshirish hamda 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi. Bu orqali 800 million kub metrgacha suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.
Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida Hisorak suv omboridan Qarshi shahriga suv tortish loyihasi ishlab chiqilayotgani maʼlum qilindi. Ushbu loyiha doirasida 16 ta ichimlik suvi inshooti va 416 kilometr tarmoq quriladi. Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Dehqonobod va Qamashi tumanlaridagi kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi.
Turizm salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha yiliga 1 million sayyohni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida yangi loyihalarni qolgan tumanlarda ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Qamashi tumanida “Maydanak” baland togʻ turizm markazini tashkil etish, Shahrisabz tumanida bir vaqtning oʻzida 13 ming sayohatchiga xizmat koʻrsatadigan “Gʻelon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish, Yakkabogʻ tumani Tatar qishlogʻida turizmni rivojlantirish, Hazrati Sulton choʻqqisi hududida treking yoʻnalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.
Umuman, joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilib, qoʻshimcha 1130 oʻrin yaratilishi belgilandi.
Viloyatda yoʻl, uy-joy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham aniq dasturlar muhokama qilindi. “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yoʻllar, suv taʼminoti, sugʻorish infratuzilmasi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilandi.
Ijtimoiy yoʻnalishda oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatkichlar belgilandi. Jumladan, yangi davlat va xususiy bogʻcha, maktablar tashkil etish, 120 ming nafar xotin-qizning bandligini taʼminlash, 21,1 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, “Ayollar daftari” orqali 102 ming nafariga yordam koʻrsatish choralari nazarda tutilgan.
Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasi va kasbiy tayyorgarlik boʻyicha yangi tashabbuslar taqdim etildi. 2026 yilda 3000 nafar, 2027 yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yoʻnaltirish, ularni oʻqitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.
Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, investitsiya va eksport koʻrsatkichlarini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
