Arabiy Lourens – Usmonlilarni qulatgan josus
Britaniyaliklar yahudiylarning Falastin hududiga ommaviy koʻchib kelib, joylashib olishlariga va keyinchalik, Ikkinchi jahon urushidan soʻng Isroil davlati paydo boʻlishiga sharoit va imkoniyat yaratib berdi.

Yaqinda Turkiya milliy razvedka tashkiloti (MİT) 1929 yilda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirliklariga yuborilgan mashhur britaniya razvedkasi xodimi Tomas Edvard Lourensning josuslik faoliyati haqidagi hisobotni eʼlon qildi.
Maxfiylikdan chiqarilgan ushbu hujjatda “Arabiy Lourens” turli qiyofalarga kirib – goh musulmon olimi, goh yahudiy ravvini sifatida – Misr, Suriya va Iroq chegaralarini kesib oʻtgani batafsil bayon etilgan. Lourens bu safarlarini Usmonlilar imperiyasi hukmronligi ostida boʻlgan hududlarda keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan maxfiy missiyalarni bajarish uchun amalga oshirgan. Lourens mintaqada targʻibot ishlarini olib borib, turli jamoalarni gij-gijlab, ziddiyat va toʻqnashuvlar qoʻzgʻatgan.
Bu harakatlar ortida keng koʻlamli geosiyosiy hisob-kitob turgan edi. Buyuk Britaniya maxsus xizmatlari Misr va Falastin hududlarida beqarorlik yaratishga intilgan. Bu orqali ular mintaqada oʻz ishtirokini “qonuniylashtirish” va mustamlakaviy hukmronligini saqlab qolishni maqsad qilgani aytiladi.
Arabiy Lourens: josus, inqilobchi yoki yangi Yaqin Sharq meʼmori?
XX asr boshidagi Yaqin Sharq tarixi imperiyalar qulashi va yangi davlatlar paydo boʻlishining dramatik jarayonidan iborat boʻldi. Bu jarayonda muhim rol oʻynagan shaxslardan biri – Buyuk Britaniya razvedkasining zobiti Tomas Edvard Lourens, yaʼni “Arabiy Lourens” boʻlgan.
Lorurensning nomi Arabiston sahrolari romantikasi, siyosiy intriga va tarixiy bahslar bilan bogʻliq. Ammo afsonalar ortida real tarixiy shaxs va uning katta siyosiy taʼsiri yotadi.
Qulayotgan imperiya
Usmonlilar imperiyasi Birinchi jahon urushi (1914-1918) boshlanishi arafasida jiddiy inqirozga yuz tutgan edi. Arabiston hududlarida mustaqillik gʻoyalari kuchayib, markaziy hokimiyatga ishonch susaygan paytlar edi. Katta va koʻp millatli davlat asta-sekin oʻz chekka hududlari ustidan nazoratni yoʻqotib borardi. Bolqon hududlari qoʻldan ketgan, arab viloyatlarida mustaqillikka intilish kuchaygan, markaziy hokimiyat esa uzoq hududlarni boshqarishda qiyinchiliklarga duch kelgan edi.
Yaqin Sharq Buyuk Britaniya uchun strategik jihatdan juda muhim edi. Buning bir nechta sabablari bor edi.
Avvalo, Hindistonga olib boradigan yoʻllarni himoya qilish lozim edi. Shuningdek, Suvaysh kanali ustidan nazorat oʻrnatish muhim vazifa sifatida qoʻyildi. Fors koʻrfazi neftining ahamiyati oshib borayotganini ham inobatga olish kerak boʻlgan.
Shunday sharoitda Germaniyaning ittifoqchisi boʻlgan Usmonlilar imperiyasini zaiflashtirish Buyuk Britaniya uchun hayot-mamot vazifasi edi.
Arab hududlarida Usmonlilar hokimiyatiga nisbatan norozilik ham kuchayib borayotgan edi. Mustafo Kamol kabi gʻarbparast shaxslardan tashkil topgan “Yosh turklar” hukumati markazlashgan siyosat olib borib, mahalliy avtonomiyalarni cheklagani arab milliy harakatlarining shakllanishiga turtki boʻldi.
Shu omillar natijasida 1916 yilgi Arab qoʻzgʻoloni yuzaga keldi. Bu qoʻzgʻolon Makka sharifi Husayn ibn Ali al Hoshimiy rahbarligida boshlangan edi.
Bu vaziyatdan Buyuk Britaniya hukumati unumli foydalanishga harakat qildi. U arablarning Usmoniylar imperiyasiga qarshi isyon va qoʻzgʻolonlarini qoʻllab-quvvatlab, usmonlilarni ichkaridan zaiflashtirishni maqsad qildi.
Ikki dunyo orasidagi inson
Tomas Edvard Lourens (1888-1935) – “Arabiy Lourens” nomi bilan mashhur boʻlgan Buyuk Britaniya razvedkasi zobiti, arxeolog va sharqshunos edi. U urushdan oldin Yaqin Sharqda arxeologik tadqiqotlar olib borgan, arab tilini yaxshi bilgan va mintaqaning ijtimoiy munosabatlarini yaxshi tushungan.
Urush boshlanganidan keyin u Qohiradagi Britaniya razvedka markazi – Arab byurosida ishlay boshladi. Uning vazifasi arab viloyatlaridagi siyosiy vaziyatni tahlil qilish va arab yetakchilari bilan aloqa oʻrnatishdan iborat edi.
1916 yilda u Hijozga yuborildi va u yerda Makka sharifining oʻgʻli – Faysal I bilan tanishdi. Lourens Faysalni arab qoʻzgʻolonining eng munosib rahbari deb hisoblagan.
Til va madaniyatni yaxshi bilishi tufayli Lourens arab liboslarini kiyib yurar, qabila kengashlarida ishtirok etar va arab kuchlari bilan britan qoʻmondonligi oʻrtasida vositachiga aylandi.
1916 yilda u Faysal I bilan ittifoq tuzdi. Bu ittifoq 1916 yilgi Arab qoʻzgʻoloni muvaffaqiyatida muhim rol oʻynadi.
Lourensning asosiy xizmati harbiy qoʻmondonlik emas, balki strategiya va muvofiqlashtirish edi. U arab qoʻshinlari muntazam armiya bilan ochiq jangda gʻalaba qozona olmasligini yaxshi anglagan. Shu bois Louruyens arab isyonchilariga Usmoniylar armiyasiga qarshi partizan urushi strategiyasini taklif qildi.
Bu strategiya katta janglardan qochish, taʼminot va kommunikatsiyalarga hujum qilish, koʻchmanchi badaviy jangari otryadlaridan foydalanish, raqibga qisqa muddatli tezkor zarbalar berib, keyin darrov sahroga chekinib, berkinib olishni nazarda tutgan. Taʼkidlash kerak, bu usul turklarning muntazam armiyaga qarshi kurashda juda samarali boʻlib chiqdi.
Temir yoʻlga qarshi urush
Usmonli harbiy tizimining asosiy arteriyalaridan biri Hijoz temir yoʻli edi. Bu temir yoʻl Damashqni Madina bilan bogʻlab, Usmonli garnizonlarini taʼminlash uchun muhim strategik yoʻl hisoblangan.
Shuning uchun partizan urushidagi asosiy nishonlardan biri – Hijoz temir yoʻli boʻldi. Lourens tuzib bergan taktika va strategiyaga muvofiq, arab qoʻzgʻolonchilari muntazam ravishda koʻpriklarni portlatishdi, poyezdlarga hujum qilishdi, temir yoʻllarni buzishdi. Bu harakatlar Usmonli qoʻshinlarini oziq-ovqat, qurol-yarogʻ va oʻq-dori bilan taʼminlash tizimini jiddiy izdan chiqardi.
Akaba – burilish nuqtasi
1917 yilda arab qoʻshinlari sahro orqali kutilmagan yurish qilib Akaba shahrini egalladi. Bu voqea qoʻzgʻolonning burilish nuqtasiga aylandi. Akaba bandargohi orqali Britaniyadan yordam olish imkoni paydo boʻldi.
Akabani egallash Qizil dengizda port ochdi, arab qoʻshinlarini taʼminlashni yengillashtirdi, qoʻzgʻolonning ruhiy-mafkuraviy qudratini oshirib, arab isyonchilarini ruhlantirib yubordi. Shundan keyin arab kuchlari shimolga harakat qila boshladi.
Yangi Yaqin Sharq
Lourens arab qoʻshinlari va britan armiyasi oʻrtasidagi asosiy vositachilardan biri boʻldi. Britaniya generali Edmund Allenbi qoʻshinlari Falastin va Suriya tomon olgʻa siljiyotgan paytda arab otryadlari dushman kommunikatsiyalariga hujum qilib turishdi.
1918 yildagi hal qiluvchi janglardan biri – Megiddo jangi – Usmonli qoʻshinlarining magʻlubiyatiga olib keldi. Natijada Yaqin Sharq mintaqasi xaritasida yangi davlatlar – Iroq, Iordaniya va Suriya paydo boʻldi.
Zero, urush davomida Britaniya arablarga mustaqillik vaʼda qilgan edi. Ammo shu bilan bir vaqtda Fransiya bilan maxfiy kelishuv – Sayks – Piko kelishuvi tuzilgan.
Urushdan keyin Yaqin Sharq yerlari shu ikki buyuk davlat oʻrtasida taqsimlandi. Iroq va Iordaniya – Britaniya nazoratiga, Suriya esa Fransiya nazoratiga oʻtdi. Shu sababli arab qoʻzgʻoloni toʻliq mustaqillikka emas, balki yangi geosiyosiy tartibga olib keldi. Bu davlatlar toʻliq mustaqil boʻlmadi – ular tez orada Yevropa davlatlarining siyosiy taʼsiri ostida qoldi.
Ayniqsa, Falastin arablari uchun bu oʻzgarishlar katta yoʻqotishlarga olib keldi. Bir paytlar falastin aholisi inglizlar qutqusiga uchib, ular bergan qurol bilan usmonlilarga qarshi chiqishgan edi. Biroq usmonlilardan farqli oʻlaroq, britaniyaliklar yahudiylarning Falastin hududiga ommaviy koʻchib kelib, joylashib olishlariga va keyinchalik, Ikkinchi jahon urushidan keyin Isroil davlati paydo boʻlishiga sharoit va imkoniyat yaratib berdi.
Qayd etish joiz, Arabiy Lourens urushdan keyin oʻzida ruhiy-maʼnaviy ziddiyatni his qildi. U arablarga berilgan mustaqillik vaʼdalarini bajarish kerak deb hisoblagan.
1919 yildagi Parij tinchlik konferensiyasida u Faysalning mustaqil arab davlati haqidagi talablarini qoʻllab-quvvatladi. Ammo buyuk davlatlar siyosiy qarorlarini oʻzgartirishga muvaffaq boʻlmadi.
Murakkab meros
Bugun Tomas Edvard Lourens shaxsiyatiga turlicha baho beriladi. Baʼzilar uni arab ozodlik harakatining qahramoni deb biladi. Boshqalar esa uni Britaniya geosiyosiy manfaatlarining vositasi deb hisoblaydi.
Biroq bir haqiqat aniq: Lourens va arab qoʻzgʻoloni harakatlari Usmonlilar imperiyasining zaiflashuviga va Yaqin Sharq xaritasining tubdan oʻzgarishiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Abulfayz Sayidasqarov
