Rossiya Ukrainaga qarshi urushga yollagan xorijliklarning yarmi Markaziy Osiyodan ekani maʼlum boʻldi
Ukraina rasmiylariga koʻra, Rossiya 2022 yil fevralida toʻliq miqyosli bosqin boshlaganidan beri jami 44 mamlakatdan 24 mingdan ortiq xorijlikni urushga yuborgan. Ularning qariyb yarmi Markaziy Osiyo fuqarolari ekani ochiqlandi.

Ukrainaning harbiy asirlar bilan ishlovchi idorasi maʼlum qilishicha, Rossiya safida jang qilish uchun yollangan va Ukraina qoʻlida asirlikda boʻlgan 44 davlat fuqarolari mavjud.
Ukraina rasmiylari jurnalistlarga taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga toʻliq miqyosli bosqin boshlaganidan beri 44 mamlakatdan 24 mingdan ortiq xorij fuqarolarini urushga yuborgan.
Avval eʼlon qilinmagan ushbu maʼlumotlarga koʻra, Ukraina Kolumbiyadan Kamerungacha, Italiyadan Xitoygacha boʻlgan davlatlar fuqarolarini asirga olgan.
Maʼlumotlar Ukrainadagi Harbiy asirlar bilan ishlash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi shtab tomonidan jamlangan boʻlib, ular bosqin boshlanganidan 2025 yil oxirigacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Maʼlumotlarning bir qismi Rossiya armiyasi ichidagi manbalardan olingan.
Rossiya tomonidan urushga eng koʻp yuborilgan askarlar Markaziy Osiyodan boʻlgan. Yaʼni Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston fuqarolaridan iborat jami 11 157 nafar odam urushga yollangan. Ulardan kamida 1 399 nafari halok boʻlgan.
Center for Strategic & International Studies (CSIS) hisobotiga koʻra, 2022 yil fevralidan 2025 yil dekabrigacha Rossiya armiyasining umumiy yoʻqotishlari (halok boʻlganlar, yaralanganlar va bedarak yoʻqolganlar) taxminan 1,2 million kishini tashkil etgan.
Biroq tahlil markazi urush sharoitida yoʻqotishlarni aniqlash qiyin va noaniq boʻlishini, tomonlar esa siyosiy maqsadlarda raqamlarni oshirib yoki kamaytirib koʻrsatishi mumkinligini ham taʼkidlagan.
CSIS maʼlumotlariga koʻra, Ukraina yoʻqotishlari Rossiyanikining taxminan yarmiga teng.
Ukraina Muvofiqlashtiruvchi shtabi vakilining aytishicha, Rossiya Shri-Lanka, Nepal, Hindiston va Pokistondan jangchilar yollashni toʻxtatgan. Bu davlatlardan kamida 1 794 nafar jangchi yuborilgan edi.
Rossiya armiyasiga yollangan 751 nafar shri-lankalikdan kamida 275 nafari janglarda halok boʻlgan.
Jangchilar chatbotlar, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali internetda, shuningdek mahalliy vositachilar yordamida ham yollanadi.
