“Kislotali bulutlar” haqidagi xabarlar ilmiy jihatdan asossiz – “Oʻzgidromet”
Eron hududida goʻyoki “kislotali bulutlar” shakllanib, ular yogʻinlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. “Oʻzgidromet” va Ekologiya qoʻmitasi bunga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida goʻyoki “kislotali bulutlar” shakllanib, ular yogʻinlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur maʼlumotlar ilmiy jihatdan asoslanmagan. Bu haqida “Oʻzgidromet” va Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.
Kislotali yogʻinlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt davomida toʻplanib, bulutlarda suv bugʻi bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil boʻladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va toʻgʻridan-toʻgʻri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Havo massalari uzoq masofalarga koʻchishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam choʻkish jarayonlari taʼsirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yogʻinlar shakllanishi deyarli mumkin emas.
Bundan tashqari, yogʻinlarning hosil boʻlishi mahalliy bulut hosil boʻlish jarayonlari bilan bogʻliq boʻlib, yogʻinlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud boʻlgan suv bugʻi va aerozollar hisobiga shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi maʼlumotlariga koʻra, kislotali bulutlarning Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar hududiga koʻchib kelishi xavfi kuzatilmayapti.
