Kadastr xodimi va sobiq soliqchi pora bilan qoʻlga tushdi
Pastdargʻomda kadastr muhandisi mahalliy fuqaroga tegishli 2 sotix yer maydonining kadastr pasportini davlat roʻyxatidan oʻtkazib berish evaziga 2,5 ming dollar olgan.

Kadastr xodimi va sobiq soliqchining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyati boshqarmasi Pastdargʻom tuman filiali kadastr muhandisi oʻzining vakolatli tanishlari orqali, mahalliy fuqaroga tegishli 2 sotix yer maydonining kadastr pasportini davlat roʻyxatidan oʻtkazib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda muhandisga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
DXX Curxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasining sobiq bosh inspektori viloyat Iqtisodiy sudida koʻrilayotgan iqtisodiy ish doirasida bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikka nisbatan egalik huquqini tiklab berish evaziga 1983 y.t. fuqarodan 10 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
