Toshkentda yana daraxtkushlik. Masʼullar nima deydi?
Pudratchi tashkilot bu talablarni bajarmagan va hatto kesilgan daraxtlar haqida maʼlumotni yashirishga harakat qilgan.

Toshkentdagi Milliy bogʻ yonidagi qurilish hududida 12 tup daraxt ildizi bilan qoʻporib tashlangani jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻldi. Qurilish kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan jamoatchilik eshituvida ushbu masalaga izoh berildi.
Investor kompaniya vakillarining aytishicha, qurilish hududida ishlash uchun ular bilan hamkorlik qilgan nomaʼlum MChJ daraxtlarni ruxsatsiz kesib, koʻchirgan. Investor taʼkidlashicha, bu jarayon haqida ular oldindan xabardor boʻlmagan.
Maʼlum qilinishicha, pudratchi tashkilot 2 tup oʻrik daraxtini kesgan va 10 tup daraxtni ruxsatsiz koʻchirgan. Investor vakillarining soʻzlariga koʻra, shartnomaga muvofiq, daraxtlarni koʻchirish yoki boshqa ekologik ishlar amalga oshirilishidan oldin qoʻriqlash xizmati, texnika xavfsizligi boʻlimi hamda investor kompaniya xabardor qilinishi kerak edi. Biroq pudratchi tashkilot bu talablarni bajarmagan va hatto kesilgan daraxtlar haqida maʼlumotni yashirishga harakat qilgan.
PD Estates MChJ XK maʼmuriy menejeri Kamal Xudaguluyevning aytishicha, barcha zarur ruxsatnomalarni olish, tegishli idoralarga murojaat qilish, Toshkent Botanika bogʻi mutaxassislarini jalb etish hamda koʻchirilgan daraxtlarni investor kompaniyaga topshirish pudratchi tashkilot zimmasiga yuklatilgan edi. Ammo keyinchalik maʼlum boʻlishicha, ular na ruxsat olish uchun murojaat qilgan, na mutaxassislarni chaqirgan.
Avvalroq Ekologiya qoʻmitasi ushbu hududda 12 tup daraxtning ildizi bilan qoʻporib tashlanishi natijasida tabiatga 351 million soʻm miqdorida zarar yetkazilganini maʼlum qilgan edi. Mazkur holat yuzasidan ish Bosh prokuratura nazoratiga oʻtkazilgan.
Investor kompaniya vakillari ekologiya idoralari bilan muzokaralar oʻtkazilganini bildirib, kesilgan 2 tup daraxt oʻrniga 200 tup daraxt ekib berilishini maʼlum qildi. Shuningdek, daraxt ekish uchun Toshkent Dendroparki hududidan joy ajratilishi rejalashtirilgan.
Ekologiya qoʻmitasi vakillarining taʼkidlashicha, ushbu hududda 2025 yilda qoʻmitaning ruxsati bilan 100 tup daraxt koʻchirib oʻtkazilgan. Biroq 2026 yilda daraxtlarni koʻchirish uchun rasmiy ruxsat berilmagan. Shunga qaramay, hududda 10 tup daraxt ruxsatsiz koʻchirilgani aniqlangan. Bundan tashqari, yana 25 tup daraxtni koʻchirish rejalashtirilgani ham maʼlum boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv ishlari davom etmoqda. Investor nomaʼlum MChJ ustidan sudga murojaat qilishini bildirgan boʻlsa-da, amaldagi qonunchilikka koʻra, buyurtmachi sifatida javobgarlik masalasi hali ham ochiq qolmoqda.
