Kinotavsiya: “English Vinglish”dan onalar oyogʻi ostidagi “Jannat”gacha
Platina.uz har yakshanba kuni uyda madaniy hordiq chiqarish uchun kinolarni tavsiya qilib boradi. Loyihaning ilk soni ayollar va onalar bayramiga toʻgʻri keldi.

Platina.uz yangi loyihani boshladi. Endi har yakshanba kuni uyda madaniy hordiq chiqarish uchun kinolarni tavsiya qilib boramiz. Loyihaning ilk soni ayollar va onalar bayramiga toʻgʻri keldi.
Demak, 8 va 9 mart (bu kun ham dam olinadi) kunlari bayramona kayfiyatni yanada koʻtarish uchun aziz ayollarimiz va onalarimizni ulugʻlaydigan eng yaxshi 5 ta filmni tavsiya qilamiz.
5. “Xotira kundaligi”, 2004
Haqiqiy ishq qissasi hisoblanmish mazkur kino Hollivud ijodkorlari tomonidan bundan 22 yil avval suratga olingan.
“Xotira kundaligi” (The Notebook) jahon kinosining eng mashhur romantik dramalaridan biri. Film Nikolas Sparksning shu nomli bestseller romani asosida ishlangan. Melodrama janridagi mazkur kartinada bosh rollarni Rayan Gosling va Reychel Makadams oʻynagan. Rejissyor Nik Kassavetis.
Syujet
Film qariyalar uyida yashovchi keksa kishining bir ayolga kundalikdan oʻqib berayotgan sevgi qissasi haqida. Hikoya 1940-yillarda turli ijtimoiy qatlamga mansub boʻlgan ikki yosh – Noy va Ellining kuchli muhabbati, urush va oilaviy toʻsiqlar tufayli ayrilishi hamda yillar oʻtib qayta topishishi haqida. Film oʻzining taʼsirli va kutilmagan yakuni bilan tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.
4. English Vinglish, 2012
English Vinglish (Inglish-vinglish) 2012 yilda Hindistonda suratga olingan, ayollarning jamiyatdagi va oiladagi oʻrnini goʻzal tarzda koʻrsatib bergan mashhur komedik drama.
Bosh rolni afsonaviy aktrisa Shridevi ijro etgan, bu uning 15 yillik tanaffusdan keyingi filmi boʻlgan. Rejissyor: Gauri Shinde.
Syujet
Film markazida Shashi ismli oddiy hind uy bekasi turadi. U mazali shirinliklar (laddu) pishiradi, ammo ingliz tilini bilmagani uchun eri va qizi tomonidan doim masxara qilinadi.
Shashi jiyanining toʻyiga yordam berish uchun Nyu-Yorkka boradi va u yerda yashirincha 4 haftalik tezlashtirilgan ingliz tili kursiga yoziladi. Bu jarayonda u nafaqat til oʻrganadi, balki oʻzligini anglaydi, oʻziga boʻlgan ishonchni qayta tiklaydi va atrofdagilarning hurmatini qozonadi.
Hissiyotga boy va ilhomlantiruvchi ushbu kino inson yoshi va sharoitidan qatʼi nazar, har doim yangi narsa oʻrganishi va oʻzini rivojlantirishi mumkinligini isbotlaydi.
Shridevining ijrosi butun dunyoda yuqori baholangan va u “Hindistonning Meril Stripi” deb taʼriflangan.
3. “Sen yetim emassan”, 1962
8 martga deb ishlangan oʻzbek kinosi yoʻq. Lekin har bayramda namoyish etsa boʻladigan mumtoz va boshqa milliy kinolarimiz talaygina. Ammo biz oʻz bagʻrikengligi va mehmondoʻstligi bilan tilga tushgan qahramon ona timsolini tavsiya qilamiz.
“Sen yetim emassan” filmi 1962 yilda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan, oʻzbek kinosining eng sara durdonalaridan biri hisoblanadi. Rejissyor: Shuhrat Abbosov, ssenariy muallifi: Rahmat Fayziy. Bosh rollarda Lutfixonim Sarimsoqova va Obid Jalilov.
Syujet
Film real voqealarga asoslangan boʻlib, ikkinchi jahon urushi davridagi toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasi Bahri Akramovaning qahramonligi haqida hikoya qiladi. Ular turli millatga mansub 14 nafar yetim bolani asrab olib, oʻz farzandlaridek tarbiyalaydilar.
Film oʻzbek xalqining bagʻrikengligi, mehmondorchiligi va urushning ogʻir yillarida ham oʻzgalar dardiga sherik boʻla olishini butun dunyoga koʻrsatib bergan. Toshkent markazidagi “Xalqlar doʻstligi” maydonida aynan shu oilaga bagʻishlangan haykal oʻrnatilgan. Lutfixonim Sarimsoqovaning ijrosi millionlab tomoshabinlarni yigʻlatgan va haqiqiy “oʻzbek onasi” timsolini yaratgan.
2. “Onalar”, 2012
“Onalar” (Mamы) kinosi 2012 yilda Rossiyada suratga olingan, bir nechta qisqa hikoyalardan iborat mashhur almanax-film. U 8 mart bayramiga bagʻishlangan boʻlib, ona va farzand oʻrtasidagi cheksiz muhabbat haqida hikoya qiladi.
Film 8 ta alohida rejissyor tomonidan suratga olingan 8 ta turli hikoyadan iborat. Bosh rollarda Sergey Bezrukov, Dmitriy Dyujev, Mixail Porechenkov, Yegor Beroyev va boshqa koʻplab yulduzlar qatnashgan.
Syujet
Film syujeti 8 mart kuni telefon aloqasi ishlamay qolgan vaziyatdan boshlanadi. Bayram kuni onalariga qoʻngʻiroq qila olmagan farzandlar har qanday toʻsiqlarni yengib, ularni shaxsan tabriklashga yoʻl oladilar. Har bir hikoya oʻziga xos: birida boy tadbirkor onasining qishlogʻiga boradi, boshqasida esa kichkina bolakay “dunyodagi eng yaxshi ona” tanlovida qatnashadi.
1. Jannat onalar oyogʻi ostida, 2024
Kinotavsiyamizning birinchi oʻrniga qardosh qirgʻiz kino ijodkorlari suratga olgan oʻsha mashhur filmni qoʻydik.
“Jannat onalar oyogʻi ostida” (qirgʻizcha: Beyish – enenin tamanыnda) 2024 yilda ekranlarga chiqqan va butun Markaziy Osiyoni larzaga solgan. Rejissyor Ruslan Akun. Bosh rollarda: Emil Esenaliyev (Odil) va Anarkul Nazarkulova (Rayhon opa).
Film Qozogʻiston va Oʻzbekistonda kassabop xitga aylandi va Qirgʻizistondan “Oskar” mukofotiga nomzod sifatida tanlab olindi.
Syujet
Filmda 35 yoshli, ammo aqliy rivojlanishi 8 yoshli bola darajasida boʻlgan Odil ismli shaxsning hikoyasi soʻzlanadi. U 75 yoshli onasi Rayhon opa bilan birga yashaydi. Bir kuni Odil agar onasini muqaddas Makka shahriga piyoda olib borsa, onasi jannatga tushishi mumkinligini eshitadi.
Odil onasini aravada yetaklab, Qirgʻizistondan to Saudiya Arabistonigacha boʻlgan uzoq va xavfli safarga otlanadi. Ular Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Turkiya va Suriya kabi davlatlarni bosib oʻtadilar. Bu yoʻl davomida koʻplab qiyinchiliklarga duch keladilar, biroq turli millat vakillarining mehr-oqibati va yordamiga guvoh boʻladilar.
2026 yilda mazkur filmning ikkinchi qismi – “Jannat: onamga maktub” namoyishi boshlandi. Uni kinoteatrlarda koʻrishingiz mumkin.
