Tinchlik uchun Nobel mukofoti: eʼtirofmi yoki siyosiy qurol?
AQSh prezidentlari kam harakati, ishi yoki biror tashabbusi uchun olgan mazkur mukofotga Donald Tramp nega bunchalik ishtiyoqmand boʻlib qoldiyu, nimaga unga berishmayapti?

Eron atrofida mojarolar tinmayotgan bir paytda eronlik huquq himoyachisi va 2023 yilgi Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti laureati Nargis Muhammadiy 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani ham yuzaga chiqdi. Koʻplab davlatlar oʻz orasidan hech boʻlmasa bittagina Nobel mukofoti sovrindori boʻlishini orzu qiladi. Lekin Eronda borini ham jazolashgani bu mukofot ahamiyati va qimmati haqida savollar tugʻdiradi. Xoʻsh, Nobel mukofoti qanday mukofot va u kimlarga beriladi, oʻz sohibiga qanday imtiyozlar keltiradi?
Nobel mukofoti obroʻ belgisimi?
AQSh prezidenti Donald Trampning Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini olishga intilishi muhokama qilinadi. Tramp ham bu orzusini yashirmaydi. Naqd 8 ta urushni toʻxtatganini aytib, qayta-qayta faxrlanadi. Toʻgʻri, Erondagi voqealar bu orzuga andak soya solgandek koʻrinmoqda. Lekin bunga ham javob tayyor: “Tramp Yaqin Sharqda tinchlik oʻrnatilishi uchun kurashmoqda. Shu bois bu tinchlikka rahna solishi mumkin boʻlgan kuchlarni yoʻq qilmoqda”.
Donald Trampning asosiy argumenti – u Isroil va qator arab davlatlari oʻrtasida munosabatlarni normallashtirishda (“Ibrohim kelishuvlari”) hal qiluvchi rol oʻynagan, shuningdek, Shimoliy Koreya atrofidagi diplomatik tashabbuslarda ishtirok etgan emish.
Tramp bir intervyusida shunday degan: “Ular uni Obamaga saylovdan keyin darhol berishdi. Men esa ancha koʻproq ish qildim”.
Tramp uchun Nobel mukofoti faqat shaxsiy eʼtirof masalasi emas. Bu – maqom ramzi. Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti xalqaro maydonda legitimlikni mustahkamlovchi kuchli instrument hisoblanadi.
Biroq shunga qaramay, Tramp deyarli Nobel mukofotiga ega boʻldi. Shu yil boshida Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado oʻzining Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti medalini Donald Trampga “erkinligimizga boʻlgan sadoqatini eʼtirof etish ramzi sifatida” topshirdi. AQSh prezidenti medalni qabul qilib, buni “oʻzaro hurmatning goʻzal ishorasi” deb atadi.
Biroq Nobel qoʻmitasi medal boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin emasligini eslatdi. Qoʻmita bayonotida shunday deyilgan: “Nobel mukofoti eʼlon qilinganidan soʻng u qaytarib olinishi, boʻlinishi yoki boshqa shaxslarga topshirilishi mumkin emas. Qaror yakuniy hisoblanadi va doimiy kuchga ega”.
Nobelni kimlar va qaysi xizmatlari uchun olgan?
Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti (shvedcha – Nobelpriset, inglizcha – Nobel Prize) 1901 yildan beri berib kelinadi. U taniqli shved ixtirochi va sanoatchisi Alfred Nobel (1833-1896) vasiyatiga koʻra taʼsis etilgan boʻlib, insonlar oʻrtasida birodarlikni mustahkamlash, qurolsizlanish va tinchlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Nobelning eng mashhur ixtirosi – dinamit, yaʼni portlovchi modda edi. Garchi Nobel dinamitni tinch maqsadlarda – qurilish va kon ishlari uchun ixtiro qilgan boʻlsa-da, uning kashfiyoti keyinchalik vayronkor qurol va odamlarni yoʻq qilish vositasi sifatida qoʻllanilganidan qattiq iztirob chekkan.
Butun dunyoda tinchlikka hissa qoʻshishni istagan Alfred vafotidan soʻng oʻz boyligini qanday taqsimlash haqida oʻylay boshlaydi. 1895 yil 27 noyabrda u Parijda uchinchi va oxirgi vasiyatnomasini tuzadi. Unga koʻra, mol-mulkining katta qismini fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot va tinchlik sohalarida “oʻtgan yil davomida insoniyatga eng katta naf keltirgan shaxslar”ni taqdirlash uchun Nobel mukofotlarini taʼsis etishga bagʻishlaydi.
Tarixchilar tasdiqlaydigan keng tarqalgan talqinga koʻra, Alfred Nobel 1888 yilda gazetalar uning nekrologini adashib chop etganidan keyin oʻz obroʻsini yaxshilash maqsadida mukofot taʼsis etgan. Gazetalar uni vafot etgan akasi Lyudvig Nobel bilan adashtirib yuborgan va fransuz nashri “Oʻlim savdogari oʻldi” sarlavhasi bilan maqola chop etgan. Dinamit ixtirosini vayronkor deb atagan bu maqola Nobelni oʻz merosi haqida jiddiy oʻylashga majbur qilgan. U oʻzini qurol yaratuvchisi sifatida emas, balki insoniyatga naf keltirgan shaxs sifatida xotirlashlarini istagan.
Shuning uchun u 1895 yilda, oʻz nomini oqlash niyatida, vafotidan bir yil oldin, deyarli barcha boyligini fan, adabiyot va tinchlikni ragʻbatlantiruvchi mukofot taʼsis etishga vasiyat qilgan.
Birinchi taqdirlash
Ilk Nobel mukofotlari 1901 yilda topshirilgan. Laureat – fizika sohasidagi birinchi laureat nemis olimi Vilhelm Konrad Rentgen boʻlib, u oʻz nomi bilan atalgan nurlarni kashf etgani uchun mukofotga sazovor boʻlgan.
Alfred Nobel oʻz vasiyatnomasiga matematika fanini kiritmagan. Chunki mukofot insoniyatga bevosita, amaliy naf keltiradigan kashfiyotlar(fizika, kimyo, tibbiyot)ni ragʻbatlantirish uchun moʻljallangan edi.
Mashhur afsonaga koʻra, Nobelning raqibi boʻlgan matematik Magnus Gustav Mittag-Leffler uning sevgilisiga muhabbat izhor qilgani sababli matematika sohasi mukofotdan chetlatilgan. Ammo bu hikoya toʻqima hisoblanadi: Nobel hech qachon uylanmagan, Mittag-Leffler bilan esa, ehtimol, yaqin munosabatda boʻlmagan.
Asosiy sabab shuki, Nobel hayotni yaxshilaydigan aniq ixtiro yoki kashfiyotlar uchun mukofot berishni istagan. U abstrakt, garchi buyuk boʻlsa-da, nazariy gʻoyalar emas, balki amaliy natijalarni qadrlagan.
Mashhur laureatlar
Nobel mukofotini hozirgacha 100 dan ortiq shaxs va tashkilotlar olgan. Masalan, Teodor Ruzvelt Rossiya-Yaponiya urushida vositachilik qilgani uchun ushbu mukofotni olgan. U Nobel olgan ilk AQSh prezidenti hisoblanadi.
Tarixdagi eng mashhur laureatlardan baʼzilari – Martin Lyuter King AQShda irqiy tenglik uchun kurashgani uchun (1964), Nelson Mandela Janubiy Afrikada aparteidni tugatishdagi roli uchun (1993), Malala Yusufzay qizlar taʼlimi huquqi uchun kurashganiga (2014), Barak Obama xalqaro diplomatiya va yadroviy qurolsizlanish tashabbuslari uchun (2009) ushbu mukofotni olishgan.
Qaysi millat vakillari eng koʻp Nobel mukofoti olgan?
Koʻpchilik yahudiylarni aqlli, Nobel mukofoti laureatlarining koʻpchiligi (yaʼni 50%dan ortigʻi) yahudiylar, degan fikrda. Ammo bu toʻgʻri emas. Yahudiylar yoki ota-onalaridan biri yahudiy boʻlgan shaxslar laureatlar orasida taxminan 22%ni tashkil qiladi. 1901-2025 yillar oraligʻidagi 965dan ortiq individual laureatdan kamida 220 kishining kelib chiqishi yahudiy boʻlgan. Qiyoslash uchun – yahudiylar dunyo aholisining faqat taxminan 0,2%ini tashkil qiladi. Demak, ularning Nobel laureatlari orasidagi ulushi butun dunyo aholisiga nisbatan 110 marta yuqori.
Shuningdek, baʼzida musulmonlar eng kam Nobel mukofoti olgan degan ishonch ham bor. Statistik maʼlumotlarga koʻra, musulmonlar dunyo aholisining 20%dan ortigʻini tashkil etadi, lekin ular orasida Nobel laureatlari ulushi boshqa guruhlar bilan solishtirganda juda kam. Butun tarixda taxminan 10-15 nafar musulmon Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan, ularning esa tabiiy fanlar (fizika, kimyo) boʻyicha laureatlari juda kam.
Kimlar mukofot uchun kurashgan, ammo ololmagan?
Tarixda Nobel tinchlik mukofotiga nomzod boʻlgan, ammo ololmagan shaxslar ham koʻp. Masalan, Mahatma Gandi bir necha bor nomzod boʻlgan, lekin unga mukofot berilmagan. Keyinchalik Nobel qoʻmitasi buni “eng katta kamchiliklardan biri” deb tan olgan.
Vladimir Zelenskiy soʻnggi yillarda nomzod sifatida tilga olingan, ammo mukofot olmagan. Nobel tanlovi har doim siyosiy muhokamalar markazida boʻlib kelgan.
Mukofot qanday imtiyozlar beradi?
Tinchlik mukofoti laureatiga taxminan 11 million shved kronasi (soʻnggi yillarda) miqdoridagi pul mukofoti beriladi. Rasmiy taqdirlash marosimi Osloda oʻtkaziladi. Mukofot laureat global siyosiy va axloqiy nufuzga ega boʻladi. Mukofotning moddiy tomoni muhim, ammo maʼnaviy va siyosiy kapitali ancha kuchliroq.
Nobel – bu xalqaro legitimlik ramzi. U siyosiy imijni yaxshilaydi, xalqaro maydonda obroʻni oshiradi, ichki auditoriya uchun kuchli propaganda vositasi boʻladi, tarixda nom qoldirish imkonini beradi. Bunday istiqbol Donald Tramp uchun ayni muddao boʻlsa kreak.
Xulosa
Nobel tinchlik mukofoti haqiqiy tinchlikka erishganlar uchun berilishi kerakmi?
Yoki uni strategik ravishda berib, mojarolarni yumshatish vositasi sifatida ishlatish mumkinmi?
Nazarimizda, mukofot avvalo amaliy natija bergan harakatlar uchun topshirilishi kerak. Chunki haqiqiy tinchlik – ramz emas, hayot saqlab qolishdir.
Qisqa qilib aytganda, Nobel urushlarni toʻxtata olmaydi. Ammo u insoniyatga toʻgʻri yoʻnalish va ibrat koʻrsatishi mumkin xolos.
Abulfayz Sayidasqarov
