Namanganda tadbirkordan 100 ming dollardan oshiq pul talab qilgan soliqchi ushlandi
U hokimlik zaxirasida boʻlgan va qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan 10 gektar yer maydonini kelgusida sayyohlik maskani tashkil etishi uchun ajratib berishni vaʼda qilgan.

Soliq inspeksiyasi xodimining noqonuniy harakati fosh etildi.
Fargʻona viloyati Fargʻona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari imkoniyati orqali, mazkur tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan va qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan 10 gektar yer maydonini namanganlik tadbirkorga kelgusida sayyohlik maskani tashkil etishi uchun ajratib berish evaziga 95 ming AQSh dollari hamda yer maydoni toifasini oʻzgartirib berish evaziga 6 ming AQSh dollari (jami 101 ming AQSh dollari) talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Yangi Namangan tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektor oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval Yashnobodda hokim yordamchisi va hokimiyat boʻlinma rahbari qoʻlga olingandi.
