Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon hududiga dron zarbalarini qoraladi
Muborak Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, jarohat olganlarning tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.
Coʻnggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan keskinlikning avj olishi koʻplab tinch aholining qurbon boʻlishiga olib kelayotgani va jiddiy xavotir uygʻotayotgani alohida qayd etildi.
Muborak Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisi fuqarolarimizni Erondan Ozarbayjon hududi orqali xavfsiz evakuatsiya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar va yaratilayotgan sharoitlar uchun Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.
Ozarbayjon Prezidenti, oʻz navbatida, davlatimiz rahbariga doʻstona suhbat va sinovli damlarda koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlov uchun alohida tashakkur izhor etdi.
Avvalroq Oʻzbekiston TIV rahbari Ozarbayjon hududiga dron zarbasini "qabul qilib boʻlmas holat" deb atagandi.
