Pastdargʻomda sudya 300 dollar pora bilan ushlandi
U oʻz yurituviga kelib tushgan aliment ishi boʻyicha pul olayotganda qoʻlga tushgan.

Pastdargʻom tumanida sudya pora bilan ushlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqarolik ishlari boʻyicha Pastdargʻom tuman sudining sudyasi 300 AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur tuman sudining 2022 yildagi hal qiluv qaroriga asosan, 1989 y.t. ayolning 2022 y.t. farzandi voyaga yetguniga qadar javobgar hisoblangan – 1983 y.t. fuqarodan aliment undirish belgilangan.
Ammo, javobgar tomon ushbu qarorni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida FIB Pastdargʻom tuman sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
Sudya esa oʻz ish yurituviga kelib tushgan ushbu arizaga asosan, joriy yilning 27 fevral kuni sudning 2022 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni mazmunan qayta koʻrishni 11 mart kuniga tayinlagan.
Shuningdek, u ishni daʼvogarning foydasiga ijobiy hal etib berish evaziga undan 300 AQSh dollari talab qilgan.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan sudyaga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qarshi va Buxoroda bozor rahbarlari ushlangandi.
Qarshida bozor rahbari savdo doʻkonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 80 ming AQSh dollari talab qilgan.
