Ozarbayjon Erondan diplomatik korpusini toʻliq olib chiqadi
Bu Ozarbayjonning Naxchivan shahriga dron hujumi bilan bogʻliq. Hujum Eron hududidan uyushtirilgani aytilgan.

Ozarbayjon oʻzining diplomatik xodimlarini Erondan olib chiqishga qaror qildi. Bu ish allaqachon boshlangan, dedi Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov.
"Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev diplomatik xodimlarini butunlay olib chiqishga qaror qildi", dedi diplomat. "Bu Tehrondagi elchixonaga ham, Tabrizdagi bosh konsullikka ham tegishli."
Kecha Ozarbayjonning Naxchivan shahriga dron hujum qildi. Xalqaro aeroport terminaliga ham zarar yetdi. Ozarbayjon rasmiylari dronlar Eron hududidan uchirilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladilar.
Prezident Aliyev bu voqeani "terroristik hujum" deb atadi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan suhbatda mazkur hujumni qoraladi.
