Oliy taʼlim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan qoʻlga tushdi
U OTM filialini ochish boʻyicha vazirlik tomonidan litsenziya berish masalasini qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish evaziga pora soʻragan.

Oliy taʼlim vazirligi xodimi 100 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Taʼlim tashkilotlarini litsenziyalash boʻlimi yetakchi mutaxassisi Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nufuzli nodavlat oliy taʼlim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish boʻyicha vazirlik tomonidan litsenziya berish masalasini qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish evaziga mazkur universitetning mansabdor shaxsidan 100 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, vazirlikning yetakchi mutaxassisi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
